Olimlar koinotda sirli signalni aniqladi

Bu qiziq

−

image

Xitoyda ulkan radio teleskop yordamida olib borilgan chuqur kuzatuvlar davomida boshqa bir sivilizatsiyaga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan sirli signal aniqlandi. Bu haqda “TRT Haber” ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, olimlar insoniyat koinotda yolg‘iz emasligini aniqlash maqsadida Yerdan tashqarida hayot izlashda davom etmoqda. Xususan, Xitoyning ulkan FAST radio teleskopi yordamida o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotda hayot mavjud bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan 33 ta turli sayyora tizimi batafsil kuzatilgan.

Tadqiqot davomida tabiiy kosmik jarayonlar natijasida yuzaga kelishi qiyin bo‘lgan, juda tor diapazondagi va sun’iy kelib chiqishga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan radio signallar qidirilgan.

Kuzatuvlarning aksariyati aniq natija bermagan bo‘lsa-da, Yerdan 238 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan K2-155 nomli qizil, mitti yulduz tomondan kelgan signal tadqiqotchilar e’tiborini tortgan.

Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan yangi avtomat o‘rganish algoritmlari va radio shovqinlarni filtrlash usullari yordamida Yerdagi texnologik qurilmalardan kelayotgan ko‘plab sun’iy signallar ajratib tashlangan. Shunga qaramay, filtrdan o‘tgan ayrim signallar o‘zining ba’zi sifatlari bilan olimlarda qiziqish uyg‘otishda davom etmoqda.

Yerdagi radio shovqinlar asosiy to‘siq

Bildirilishicha, koinotdan kelayotgan signallarni izlashdagi eng katta muammolardan biri – Yerdagi texnologik qurilmalar yuzaga keltiradigan radioto‘lqin shovqinlaridir. Sun’iy yo‘ldoshlar, samolyotlar va aloqa tizimlari kabi ko‘plab manbalar astronomik kuzatuvlarni murakkablashtirishi mumkin.

Qayd etilishicha, tadqiqotchilar ko‘p yo‘nalishli tovush tutuvchilar va zamonaviy filtrlash usullari yordamida bunday shovqinlarning katta qismini bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq hozircha Yerdan tashqarida ongli hayot mavjudligining aniq dalili topilmagan. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, astro-fizik olimlar tomonidan bu kabi tadqiqotlar kelajakda koinotni o‘rganish va boshqa sivilizatsiyalardan signal izlash imkoniyatlarini yanada kengaytirishi mumkinligi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq astronomlar Yerdan 2,5 baravar katta, massasi qariyb 23,5 baravar yuqori bo‘lgan g‘ayrioddiy zich ekzosayyorani aniqlagandi.

Azizbek Hamdamov


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing