Olimlar Qirg‘izistonda kuchli zilzilalar bo‘lishini prognoz qilmoqda

Olam

image

Qirg‘iziston olimlari kuchli zilzilalar bo‘lishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov Jogorku Kenesh yig‘ilishida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, mutaxassislar o‘rganilishi kerak bo‘lgan xavfli hududlarni aniqlagan. Seysmologlar tektonik yoriqlarni ham o‘rganadi.

"Har yili mamlakatimizda 13 mingga yaqin yer silkinishlari qayd etiladi. Shuning uchun uy-joy qurilishi ustidan nazoratni va monitoringni kamaytirmaslik kerak", deydi Japarov.

Hukumat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi 150 yil ichida Qirg‘izistonda 7 va undan yuqori magnitudali o‘ndan ortiq zilzila sodir bo‘lgan. Ular Kemin, Sari-Qamish, Oloyda ro‘y bergan.

“Dunyoda har doim zilzilalar bo‘ladi. Masalan, 2 aprel kuni dunyo bo‘ylab 24 soat ichida 828 ta zilzila sodir bo‘ldi. Oxirgi yetti kun ichida 6892 ta zilzila sodir bo‘ldi”, deydi u.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi rahbari qurilishda eng zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, binolarning seysmik chidamliligini tekshirishni dolzarb deb hisoblashini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 4 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 03:43 da Qirg‘izistonda 4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Uning kuchi Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida 2 balli tarzda sezildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston zilzila Oqilbek Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing