Olimlar ilk bor gen orqali hayotni uzaytirishga erishdi
Salomatlik
−
08:30 3744 2 daqiqa
Rochester universiteti olimlari yalang‘och yerqazirning (yalang‘och mol-kalamush) qarishdan himoya qiluvchi genetik mexanizmlarini boshqa jonivorlarga qisman ko‘chirishga muvaffaq bo‘ldi. Tadqiqot natijalari “Nature” jurnalida chop etildi.
Tadqiqot davomida olimlar sichqonlarga gialuron kislotasining maxsus shaklini ishlab chiqarish bilan bog‘liq genni joylashtirgan. Natijada tajribadagi sichqonlar uzoqroq yashagan va saratonga kamroq chalingan.
Yalang‘och yerqazirlar qarish jarayonini o‘rganuvchi olimlar diqqat markazidagi jonivorlardan hisoblanadi. Ular kichik kemiruvchi bo‘lishiga qaramay, 41 yilgacha yashay oladi, bu oddiy sichqonlarga nisbatan qariyb o‘n barobar ko‘p. Shuningdek, ularda saraton, yurak-qon tomir kasalliklari va neyrodegenerativ xastaliklar juda kam uchraydi.
Vera Gorbunova va Andrey Seluanov boshchiligidagi ilmiy guruh yuqori molekulyar gialuron kislotasi deb ataladigan moddaga e’tibor qaratgan. Bu modda yalang‘och yerqazirlarda odam va sichqonlarga nisbatan taxminan o‘n barobar ko‘p bo‘ladi.
Avvalgi tadqiqotlarda olimlar ushbu gialuron kislotasi hujayralardan olib tashlanganda, yerqazirlarda o‘sma paydo bo‘lish xavfi oshishini aniqlagan edi. Shu sababli tadqiqotchilar bu himoya mexanizmini boshqa jonivorlarga ham o‘tkazish mumkinmi-yo‘qmi, shuni tekshirishga qaror qilgan.
Tajriba uchun sichqonlarga yalang‘och yerqazirlarga xos bo‘lgan gialuronansintaza-2 geni joylashtirildi. Bu gen yuqori molekulyar gialuron kislotasi sintezi uchun javob beradi.
Genetik o‘zgarishdan keyin sichqonlar to‘qimalarida gialuron kislotasi miqdori oshgan. Ular ham tabiiy o‘smalarga, ham sun’iy chaqirilgan teri saratoniga nisbatan chidamliroq bo‘lgan. Shuningdek, qarish bilan bog‘liq yallig‘lanish kamaygan, ichaklar holati yaxshiroq saqlangan va o‘rtacha umr davomiyligi taxminan 4,4 foizga uzaygan.
Olimlar fikricha, ayniqsa surunkali yallig‘lanishning kamayishi muhim ahamiyatga ega. Chunki bu qarishning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi.
Tadqiqot mualliflari bu natija uzoq umr ko‘ruvchi sutemizuvchilarda evolyutsion shakllangan mexanizmlarni boshqa turlarga ko‘chirish mumkinligini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Hozir olimlar ushbu yondashuvni insonlarda qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Andrey Seluanovning aytishicha, hozirda organizmda gialuron kislotasi parchalanishini sekinlashtiruvchi molekulalar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Tadqiqotchilar yalang‘och yerqazirlarning uzoq yashashi faqat gialuron kislotasi bilan emas, balki DNKni yaxshiroq tiklash, yallig‘lanishni nazorat qilish va to‘qimalarning shikastlanishga chidamliligi kabi bir nechta himoya mexanizmlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ham qayd etdi.
Live
Barchasi