Sirdaryoda hokim va o‘rinbosarlar uchun 16 ta Tracker sotib olinadi
Jamiyat
−
14 iyul 2023 8464 3 daqiqa
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi viloyat hokimi o‘rinbosarlariga, shuningdek, tuman va shahar hokimlariga 16 ta Tracker avtomobilini xarid qilish uchun 4 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ayni paytda mazkur qaror loyihasi muhokama uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portali – regulation.gov.uz’ga joylashtirilgan.
Unga ko‘ra, umumiy hisobda jami 7,6 mlrd so‘m quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan:
• viloyat hokimligiga qo‘shimcha bino qurish bilan bog‘liq xarajatlarga 1 mlrd so‘m;
• xususiy sheriklik asosida isitish tizimiga o‘tayotgan ijtimoiy soha muassasalarini isitish tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish xarajatlariga 1,2 mlrd so‘m;
• 2023 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya mablag‘larini ajratish xarajatlariga 1 mlrd so‘m;
• viloyat hokimi o‘rinbosarlariga va tuman va shahar hokimlariga 16 ta Tracker avtomashinasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarga 4 mlrd so‘m;
• Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 avgustdagi 660-sonli farmoyishiga asosan xarid qilingan jihozlarni saqlash bo‘yicha ijradan yuzaga kelgan qarzdorliklarni qoplash xarajatlariga 400 mln so‘m ajratilishi nazarda tutilgan.
Mazkur mablag‘lar esa Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetining 2023 yilda shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratilishi kutilmoqda.
“Qaror ijrosini ta’minlash viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari R.Boboyevga, nazorat qilish Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi U.Sotiboldiyev zimmasiga yuklatilsin”, deyilgan qarorda.
Hujjatni muhokama qilish muddati esa 11 iyuldan 26 iyulgacha etib belgilangan va qaror loyihasiga nisbatan fikr va takliflar bildirish imkoniyati yaratilgan.
Hozircha hujjatga yagona fikr bildirilgan bo‘lib, unda shunday yozilgan:
“Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilma obektlarini qurish va aholi turmush farovonligini oshirish maqsadida amalga oshiriladigan ishlar uchun — hokim va hokim o‘rinbosarlariga 16 ta trekkermi? Ajoyib. Shular minsin, zora xalqning turmush farovonligi oshib ketar.
Aytgancha, ularning hozir foydalanishdagi mashinalariga nima bo‘ladi? Uni nima qilmoqchisizlar?” degan jurnalist va bloger Abduqahhor Qosimov.
Ma’lumot uchun, hokimlikning rasmiy veb-saytidagi ochiq ma’lumotlar portaliga joylangan Sirdaryo viloyat hokimligi balansidagi xizmat avtomashinalari to‘g‘risidagi yagona hujjatga ko‘ra, ayni paytda Sirdaryo viloyati hokimiga 2017 yilda ishlab chiqarilgan Toyota Land Cruiser avtomobili ajratilgan.

Viloyat hokimining 1-o‘rinbosari uchun esa 2019 yilgi Malibu 2 atalgan. Shuningdek, boshqa yetti nafar o‘rinbosarlar uchun ham qimmatbaho Toyota Prado, Captiva, Tracker, UAZ, Lacetti rusumidagi avtomobillar bor.
Live
Barchasi