OKMKda zamonaviy kern saqlash ombori foydalanishga topshirildi
Biznes
−
19 iyun 3228 2 daqiqa
Ma’lumki, konlardagi geologiya qidiruv ishlari natijasida olingan kern namunalarini saqlash va hujjatlashtirish uchun ularni saqlashga yirik omborlar zarur bo‘ladi.
Ushbu omillarni hisobga olgan holda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib jami 60 ming kern yashiklarini saqlashga mo‘ljallangan zamonaviy ko‘rinishdagi 2 ta zamonaviy kern saqlash ombori qurilib, foydalanishga topshirildi.

Ushbu kern saqlash omborining afzalligi va zarurligi shundaki, har bir konni geologik o‘rganish maqsadida, olingan kern namunalari ushbu konda o‘rganilib to kon qazish ishlari tugagunga qadar sifatli saqlanishi talab etiladi.
Namunalarni saqlash muddati 100 yilgacha davom etishi mumkin. Sababi olingan kern namunalarida bir necha bosqichda geologik (mineralogiya, petrografiya, gidrogeologiya), texnologik o‘rganish ishlari takror olib borilishi mumkin.
Buning uchun esa kern yashiklarini sifatli saqlash, quduq nomlarini o‘chib ketishini oldini olish, kern yashiklarini tartib bilan joylashtirish zarur.

Kern saqlash omborlarida barcha namunalar tartib bilan saqlanadi va geologlar tomonidan xalqaro JORC kodeksining talablari asosida Geologik hujjatlashtirish ishlarini maxsus (Getac) planshetlarda avstraliyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan MaksGeo kompaniyasining Datashed va Logchief dasturiy ta’minotlaridan foydalangan holda olib borishadi.
Bunda hujjatlashtirishda ma’lumotlar elektron interfaol uslubda planshetlarga tushiriladi va shu zahoti qayta ishlash uchun dasturiy ta’minotlar bazasiga yuboriladi.
Namunalarning har bir santimetri sinchkovlik bilan o‘rganilib, elektron tarzda geologik hujjatlashtiriladi. Hozirgi vaqtda kernlarni saqlashning elektron ombori ham mavjud bo‘lib, unda kernlarga tegishli bo‘lgan barcha ma’lumotlar saqlanadi.
Ma’lumot uchun, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati geologlari tomonidan hozirgi vaqtda mamlakatimizning 5 ta viloyatlarida joylashgan 20 ga yaqin mis, oltin, kumush, rux, qo‘rg‘oshin, volfram, nodir metallar hamda noruda konlaridan qazib olish va geologik o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
OKMK geologlarining ma’lum qilishicha, kombinat xom ashyo bazasini kengaytirish maqsadida, Qalmoqqir, Yoshlik I konlari hamda Angren, Chodak va Xandiza kon boshqarmalari shaxtalarida geologiya qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Kern – quduqlardan olinadigan silindr shaklidagi yaxlit tog‘ jinsi namunasi bo‘lib, uning yordamida tog‘ jinsining tarkibi, fizik va kimyoviy xossalari, yotish burchaklari aniqlanadi.
Reklama huquqi asosida
Live
Barchasi