Oq uyga borgan yevropaliklar nima xohlaydi?
Olam
−
19 avgust 2025 8902 4 daqiqa
AQSH Pezidenti Donald Tramp o‘zi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishga intilayotgan bir paytda, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa yetakchisilari ham muzokara stolida bo‘lishini taklif qiladi. Bu haqda u bugun, 19 avgust kuni Oq uydagi yig‘ilishda so‘z ochdi.
“O‘ylaymanki, bundan keyin to‘rt tomonlama uchrashuv kerak bo‘lardi. Chunki biz xavfsizlik kafolatlari haqida gapirganda, butun Yevropa qit’asi xavfsizligi haqida gapiramiz”, dedi u.

Urushni tugatish yo‘lida ishlayotgan Tramp hech bo‘lmaganda yaqin muddatda bu g‘oyaga iliqlik qilishi dargumon. Ammo Makronning fikri bugungi muzokaralarda nafaqat Ukraina, balki Yevropaning qolgan qismi uchun qanchalik xavf tug‘dirayotganini ta’kidlaydi.
NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari taklifi Ukraina uchun potensial tinchlik kelishuvini ta’minlashda “yutuq” bo‘ladi.
“Men xavfsizlik kafolatlarida ishtirok etishga tayyorman, deganingiz katta qadamdir, bu haqiqatan ham yutuq va u hamma narsani o‘zgartiradi. Shuning uchun ham sizga rahmat”, dedi Ryutte Oq uyda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan ko‘p tomonlama uchrashuvda Trampga.
Avvalroq Oval kabinetda Zelenskiy bilan birga so‘zlagan Tramp potensial tinchlik kelishuvini saqlab qolish uchun Ukrainaga AQSH qo‘shinlarini yuborishni istisno qilmadi.
“Bu haqda sizga xabar beramiz, ehtimol bugun, birozdan keyin”, degandi Tramp.
Ryutte, shuningdek, AQSH Prezidentiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tinchlik muzokaralari stoliga muvaffaqiyatli olib kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers esa Oq uyda Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha yanada jiddiy muzokaralar olib borish uchun “yo‘l ochiq” dedi. Mersning aytishicha, Tramp bu yo‘lni 15 avgust kuni Alyaskada AQSH Prezidenti Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashganidan keyin ochgan.

“Endi murakkab muzokaralar uchun yo‘l ochiq”, dedi u.
Mers yana bir bor ta’kidladiki, Yevropa yetakchilari yana muzokaralar o‘tkazilgunga qadar o‘t ochishni to‘xtatishga intilmoqda.
“Keyingi uchrashuv o‘t ochishni to‘xtatmasdan o‘tishini tasavvur qila olmayman. Shunday ekan, keling, buning ustida ishlaylik”, dedi u.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa har bir bola o‘z oilasiga qaytishi kerakligini aytdi.
“Biz siz bilan Ukraina uchun adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish, qotillikni to‘xtatish bo‘yicha hamkorlik qilish uchun keldik”, deydi u.

“Biz ko‘plab muhim mavzular haqida gaplashamiz. Birinchisi, xavfsizlik kafolatlari, bu qayta takrorlanmasligiga qanday ishonch hosil qilish kerak, bu har qanday tinchlikning dastlabki sharti”, dedi Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni.

“Biz nafaqat Ukraina, balki Yevropa va Buyuk Britaniya xavfsizligi haqida ham gapirayapmiz, shuning uchun ham bu juda muhim masala”, dedi Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer.
Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning so‘zlariga ko‘ra, Finlyandiya Rossiya bilan chegaradosh va Ikkinchi jahon urushi davrida bu mamlakat bilan o‘z tajribasiga ega bo‘lgan.
“Bugun biz ushbu stol atrofida bo‘lganimiz juda ramziy ma’noga ega, ya’ni Yevropa jamoasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga yordam bermoqda.
Biz 1944 yilda yechim topdik va ishonchim komilki, biz 2025 yilda Rossiyaning bosqinchilik urushini to‘xtatish, barqaror, adolatli tinchlikni topish va qo‘lga kiritish uchun yechim topa olamiz”, dedi u.
Zelenskiy esa quyidagi fikrlarni ilgari surdi:
“Hammamiz bu urushni tugatib, Rossiyani to‘xtatmoqchimiz
Biz xavfsizlik kafolatlari haqida ko‘proq gaplashamiz. Qo‘shma Shtatlar bunday kuchli signalni berishi va xavfsizlik kafolatlariga tayyorligi juda muhim.
Bu Tramp bilan hozirgacha bo‘lgan eng yaxshi suhbat bo‘ldi.
Ukraina Tramp bilan uch tomonlama uchrashuvdan xursand bo‘lardi”.
Tramp esa Yevropa yetakchilari va Zelenskiy bilan uchrashuvda quyidagi fiklarni bildirdi:

“Hozirgacha juda muvaffaqiyatli kun bo‘ldi.
AQSH, Ukraina va Rossiya bilan uch tomonlama uchrashuvni ishlab chiqishga harakat qilaman.
Rossiya xavfsizlik kafolatlarini qabul qilishga rozi bo‘ldi.
Biz kim nima qilishini ko‘rib chiqamiz.
Biz birgalikda Ukrainaga bo‘lgan tajovuzni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishamiz.
Shuningdek, biz hududning mumkin bo‘lgan almashinuvini muhokama qilishimiz kerak”.
Uning fikricha, bugun mojaroga yechim topish mumkin.
Live
Barchasi