“Oqsaroy”da Tatyana Karimova boshchiligida Islom Karimov xotira marosimi o‘tkazildi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, davlat mustaqilligining asoschisi, buyuk siyosat arbobi Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabr kuni og‘ir xastalik sabab 78 yoshida vafot etgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur sana Islom Karimovni xotirlash kuni, deya e’lon qilingan. Haftada davomida an’anaga muvofiq Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmuada Islom Karimov xotira haftaligi bo‘lib o‘tdi. Kecha majmuaning fotomuzeyida o‘tkazilgan tadbirda Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova ham ishtirok etdi. 

Tadbir doirasida yozuvchi Poyon Ravshanov qalamiga mansub “Buyuklik ko‘prigi” nomli asar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu asar Birinchi Prezident Islom Karimov 1986-1989 yillarda Qashqadaryoda viloyatida yuritgan faoliyatini o‘z ichiga qamragan.

Marosimda so‘zga chiqqan Tatyana Karimova Islom Karimovning xotirasiga ko‘rsatilayotgan hurmat uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

“Sizlarni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov uzoq yillar ishlagan Oqsaroy qarorgohi hududida ko‘rib turganimdan xursandman.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tarixiy qarori uchun rahmat! O‘zbekiston Birinchi Prezidentining muborak xotirasini abadiylashtirish uchun shunday tadbirlarni o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekistonni va uning ko‘p millatli xalqini butun qalbi bilan sevar edi. U doimo mamlakatimizni kelajagi buyuk davlat sifatida ko‘rardi. Uning ko‘p qirrali faoliyatining ma’nosi va oliy maqsadi –  O‘zbekistonning ozodligini hamda mustaqilligini ta’minlashdan iborat edi”, deydi Karimova.

Shundan so‘ng, Islom Karimov Qashqadaryoda o‘z faoliyatini boshlagan ilk yillardan uning yonida yurib, amalga oshirgan ko‘plab ishlarini fotoplyonkaga muhrlagan jurnalist Shomurod Sharopov minbarga chiqdi. U Karimov bilan bog‘liq xotiralarini yodga olarkan, qashqadaryoliklar hamon Tatyana Karimovani “yanga” deb tilga olishini aytdi. 

“Hurmatli Tatyana Akbarovna! Men sizga Tatyana Akbarovna yoki Tatyana opa, deb murojaat qilmoqchi emasman. Siz biz uchun “yanga”siz. Chunki siz Qashqadaryoda ham yashagansiz-da! Men o‘sha payti ham sizni “yanga”, deb chaqirardim, hozir ham siz qashqadaryoliklar uchun “yanga”siz”, deydi fotojurnalist Sharopov.

Tadbir davomida taniqli sharhlovchi, sport jurnalisti Mirzahakim To‘xtamirzayev ham so‘zga chiqdi. U o‘z nutqi davomida marhum Islom Karimovning sportga qaratgan e’tibori haqida alohida to‘xtaldi.

“Men Islom Karimovning bir iborasini takror-takror yodimga olaman. “Mamlakatni, millatni hech narsa dunyoga sportchalik tez tanita olmaydi”. Darhaqiqat, Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekistonda sportning rivojlantirishga alohida e’tibor qaratganlarini hammamiz juda yaxshi bilamiz. Dastlab qabul qilgan farmonlaridan biri ham “Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonun edi.

O‘zbek milliy kurashi dunyo arenalaridan munosib joy olishi uchun dastlabki qadamlar aynan Islom Abdug‘aniyevichning tashabbuslari bilan qo‘yildi. Bugungi kunda, barcha qit’alarda o‘tkazilayotgan musobaqalarda o‘zbekning “halol”, “yonbosh”, “chala”, g‘irrom” so‘zlarini ishlatishyapti. 
Osiyo o‘yinlari rasmiy dasturida o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha musobaqalar joy oldi. “Xalqaro milliy kurash assosiatsiyasi” tashkil qilindi, uning dastlabki faxriy Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov edi”, dedi Mirzahakim To‘xtamirzayev.

Ma’lumki, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U ayni vaqtda hibsda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. U AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.

Karimovlar oilasidan faqat Tatyana Karimova O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublikasi jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

277

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing