Og‘ir iqtisodiy tanglik: siyosiy o‘yinlar jabrini xalq chekmoqda

Olam

image

Turkiyada iqtisod hamon og‘ir ahvolda qolmoqda. Mamlakatda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning partiyasiga bo‘lgan ishonch tobora pasaygan. Buni Istanbul rahbarligiga o‘tkazilgan qayta saylovda ham muxolif partiya nomzodi Ekrem Imomo‘g‘luning g‘alabi qilganida ham ko‘rish mumkin. Mamlakatning iqtisodiy jihatdan eng faol va eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan kenti muxolif partiya qo‘liga o‘tdi. 

Erdo‘g‘an boshchiligidagi Turkiya mana ikki yildan oshdiki, AQSH bilan tortishib kelmoqda. AQSHga nisbatan keskin ayblovlar, ochiqdan-ochiq haqoratlar mamlakatda dollarning oshib ketishi va turk lirasining qadrsizlanishiga sabab bo‘ldi. Turkiyada banklar kredit berishdan qo‘rqib qoldi, iqtisodiy tanglik yuzaga keldi, inflyatsiya miqdori yuqorilab bormoqda. 

Joriy hafta ham Turkiyada dollarning oshishi  bilan boshlandi. Ayni vaqtda bir AQSH dollari 5,74 turk lirasini tashkil etmoqda. 

QALAMPIR.UZ turk lirasining o‘tgan uch yildagi oshish suratlarini 9 iyul misolida ko‘rib chiqdi. 

2016 yil 9 iyul – 1 AQSH dollari 2,89 turk lirasi; 
2017 yil 9 iyul – 1 AQSH dollari 3,60 turk lirasi, bir yillik oshish surati 25%;
2018 yil 9 iyul – 1 AQSH dollari 4,73 turk lirasi, bir yillik oshish surati 30,5%.

Turkiyada liraning AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanishi 2018 yilning 13 avgust kuni eng yuqori darajani qayd etdi. Shu kuni 1 AQSH dollarining qiymati 7,11 turk lirasi bo‘ldi. Bu nafaqat uch yillikdagi, balki Turkiya tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. 

Turkiyada dollarning oshib ketishida shunchaki iqtisodiy munosabatlar emas, juda katta siyosiy kelishmovchiliklar yotibdi. Bu siyosiy o‘yinlarning avjiga chiqqan nuqtasi 2016 yil 15 iyul voqealariga borib taqaladi. 

O‘sha kuni Turkiyada davlatga qarshi harbiy to‘ntarish amalga oshirildi. Turkiya rahbariyati esa bu to‘ntarishlar ayni vaqtda AQSHda istiqomat qilib kelayotgan Fathulloh Gulen boshchiligida amalga oshirilganini iddao qilib chiqdi va AQSHdan uni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni talab qildi. AQSH pinagini ham buzgani yo‘q. 

Shuningdek, Turkiya AQSH bilan o‘chakishib, Suriyada “Frot qalqoni” va “Zaytun novdasi” harbiy amaliyotlarini amalga oshirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya ruslarning S-400  zenit komplekslarini sotib oldi.  

Tramp Quddusni Isroilning poytaxti deb tan olishiga eng jiddiy tepkini Turkiya berdi. Prezident Erdo‘g‘anning talabi bilan BMT majlisi bo‘lib o‘tdi va AQSH Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishini qabul qilmaslikka kelishildi. Bu orada AQSH bilan Eron o‘rtasidagi keskin tortishuvlarga ham Turkiya aralashdi. Ortidan Rohib Endryu Branson masalasi boshlandi, bunga  jurnalist Qoshiqchining vafoti qo‘shildi.  Siyosiy munosabatlar kun sayin keskinlashishi jabrini xalq tortdi, tortib kelmoqda. 

Turkiyada ishlab chiqarish, eksport miqdori yuqori, dollarning oshishi u qadar katta rol o‘ynamaydi, deb o‘ylash noo‘rin. Turkiya 10 yillar davomida ko‘radigan iqtisodiy zarbani 1 yilda ko‘rdi. Oradan uch yil o‘tdi. Iqtisodda o‘sish yo‘q. Dollar esa 9 iyul holatiga ko‘ra 5,74 turk lirasini tashkil etmoqda. Bu esa o‘tgan yilning shu kuniga nisbatan 23,5 % yuqorilash degani.  
 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Turk lirasi AQSh dollari

Baholaganlar

59

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing