Turkiyada o‘zbekistonlik ayol 4-qavatdan tushib ketdi
3-sahifa
−
17 mart 6496 2 daqiqa
Turkiyaning Izmir shahrida O‘zbekiston fuqarosi ko‘p qavatli turarjoy binosining to‘rtinchi qavatidan tushib ketdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, asli Namangan viloyatidan bo‘lgan 22 yoshli fuqaro S.H. Izmir shahrida yashab kelayotgan vaqtida ko‘p qavatli turarjoy binosining to‘rtinchi qavatidan tushib ketgan. Hozirda u davlat shifoxonasida davolanmoqda. Shifokorlarning ma’lumotiga ko‘ra, fuqaroning ahvoli og‘ir ekani qayd etilgan.
Aniqlanishicha, S.H. Turkiya fuqarosi bo‘lgan shaxs bilan imom nikohi asosida turmush qurgan, biroq ushbu nikoh rasmiy tartibda qayd etilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, nikoh marosimi Namangan viloyati, Chust tumanida o‘tkazilgan.
Keyinchalik ular Turkiyaning Izmir shahriga kelib, kuyovning yaqin qarindoshlari bilan bir xonadonda yashab kelgan. Qayd etilishicha, turmush o‘rtog‘i ham S.H. kabi eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxs hisoblanadi.
Mazkur hodisa yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda. To‘plangan materiallar tegishli tartibda prokuratura organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
“Vaziyat O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan. Fuqaroning sog‘lig‘i holati hamda tergov jarayonlari yuzasidan Turkiya vakolatli idoralari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tarafidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragani haqida xabar berilgandi.