Odob-axloq va uyat hissi yo‘qolib boryapti – Barak Obama
Olam
−
15:18 1762 2 daqiqa
AQSH sobiq prezidenti Barak Obama amaldagi Prezident Donald Trampning ijtimoiy tarmoqlarda ulashgan irqchilik mazmunidagi videosiga munosabat bildirdi. Bu haqda u kecha, 14 fevral kuni jurnalist Brayan Tayler Koenga bergan intervyusida gapirdi.
Gap shundaki, Trampning Truth Social sahifasida joylashtirilgan videoda Obama va uning rafiqasi Mishel Obama maymun qiyofasida tasvirlangan. Video fonida “The Lion Sleeps Tonight” qo‘shig‘i yangragan va unda 2020 yilgi saylovlarda firibgarlik bo‘lgani haqidagi asossiz da’volar ham keltirilgan.
Mazkur post demokratlar hamda respublikachilar tomonidan keskin tanqid qilingan. Respublikachilar partiyasidan senator Tim Skott buni “Oq uyda ko‘rgan eng irqchichilik holati” deb atagan. Oq uy avvaliga videoni himoya qilib, tanqidlarga javob bermagan. Keyinchalik esa post o‘chirib tashlangan va bu xodimlardan biri tomonidan joylangani aytilgan.
Jurnalistlarning savollariga Tramp videoning Obamalar tasvirlangan qismini “ko‘rmaganini” aytib, uzr so‘rash niyati yo‘qligini bildirgan.
Shuningdek, Obama AQSHdagi siyosiy munozaralar ohangi haqida gapirar ekan, jamiyatda ilgari mavjud bo‘lgan “odob-axloq va uyat hissi” yo‘qolib borayotganini ta’kidlagan.
“Amerika xalqining aksariyati bunday xatti-harakatni tashvishli deb biladi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa masxarabozlik namoyishi ketmoqda”, degan sobiq prezident.
Obama podkast davomida immigratsiya siyosati, namoyishlar va saylov okruglarini qayta taqsimlash masalasida fikr bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSHning sobiq prezidenti Barak Obamani xiyonatda va 2020 yilgi saylovlarni soxtalashtirishda ayblagandi.