“Odamlarning yonayotganini ko‘rdim”. Shveysariyadagi kurortda nimalar bo‘ldi?

Olam

image

Shveysariyaning Kran-Montana shaharchasidagi Le Constellation (“Yulduz turkumi”) barida Yangi yil kechasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi, 80 nafardan 115 nafargacha odam turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi. Yong‘inning rasmiy sababi hozircha e’lon qilinmagan. Ammo tarqalgan foto va videolarga qaraganda, barda ishlatilgan bengal chiroqlari tufayli shift yonib ketgan. Guvohlar bo‘lgan voqealarni to‘liq tartibsizlik va dahshatli filmga o‘xshatmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ismini oshkor etmaslikni so‘ragan 18 yoshli mahalliy yigitning aytishicha, Yangi yil kechasida uning akasi barda bo‘lgan. Yigit shovqinni eshitib, tutunni ko‘rgan va darhol bar tomonga yugurgan. Avval oynani sindirgan, so‘ng ichkariga kirgan.

“Men odamlarning yonib ketayotganini ko‘rdim. Boshidan oyog‘igacha kuyib ketgan, kiyimsiz odamlarni ko‘rdim. Bu dahshatli edi”, deydi u.

Uning akasi jabrlanmagan.

Fransiyalik ikki qiz – Emma va Alban BFMTV telekanaliga yong‘in boshlangan paytda ular bar ichida bo‘lganini aytgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga bengal chiroqlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin: ofitsiantlardan biri bengal chiroqlarini shampan shishalariga qistirgan.

Shveysariyaning “Blick” tabloidi mototsikl shlemini kiygan qiz yigitning yelkasida o‘tirgan holda tushirilgan suratni e’lon qildi. Qiz qo‘lida ikkita shampan shishasini ushlab turgan, ularning bo‘yin qismiga yonib turgan bengal chiroqlari mahkamlangan.

BBC’ning faktcheking xizmati boshqa rakursdan olingan suratlarni tahlil qilib, ularning haqiqiyligini tasdiqlagan. Ularda kamida to‘rt kishi shampan shishalari va ularga biriktirilgan bengal chiroqlari bilan qo‘llarini shift tomon ko‘targani ko‘rinadi.

26 yoshli Ilan Ashur yaqin atrofdagi muassasalardan birida ishlagan va yong‘in haqida eshitishi bilanoq voqea joyiga borgan. “Reuters” bilan suhbatda u hodisani dahshatli filmga qiyoslagan: yonayotgan odamlar qichqirgan, yordam so‘ragan. Ashur o‘sha paytda barda bo‘lgan eng yaqin dugonasini qutqarishga uringan. U qiz uning qo‘lida jon bergan.

Loran ismli mahalliy aholi vakili “Blick” nashriga bar ichida yong‘in xavfsizligi choralarining juda sust bo‘lganini aytgan. Masalan, tashrif buyuruvchilar bino ichida chekishi mumkin bo‘lgan va bunga “ko‘z yumilgan”.

Kran-Montana – mashhur Alp tog‘lari kurorti bo‘lib, bu yerda xalqaro chang‘i musobaqalari ham o‘tkaziladi. Eng yaqin musobaqalar joriy yil yanvar oxiriga rejalashtirilgan edi. “Yulduz turkumi” bari narxlari jihatidan nisbatan hamyonbop hisoblangan. Uning ikki qavati va terrassasi taxminan 300 kishini sig‘dira olgan.

Yangi yil kechasida muassasa to‘la bo‘lgan, bu yerda nafaqat mahalliy aholi, balki sayyohlar ham bo‘lgan. 2 yanvar holatiga ko‘ra, Fransiya va Italiya rasmiylari jabrlanganlar yoki bedarak yo‘qolganlar orasida o‘z fuqarolari borligini ma’lum qilgan.

Vale kantoni parlamenti a’zosi Stefan Ganser Fransiyaning RTL telekanaliga bergan intervyusida taxminan 40 kishi halok bo‘lganini, 80-100 kishi esa og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonalarda yotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab jabrlanganlarda uchinchi darajali kuyishlar bor va ularning hayoti katta xavf ostida.

Voqea joyida ishlayotgan BBC jurnalisti Sara Reynsfordning aytishicha, jabrlanganlar orasida o‘smirlar juda ko‘p – bu kantonda 16 yoshdan boshlab spirtli ichimlik iste’mol qilishga ruxsat berilgan va bar yoshlar orasida mashhur bo‘lgan.

Emma va Alban yong‘in boshlanishi bilan darhol tiqilinch yuzaga kelganini aytgan – ular bo‘lgan xona kichik, chiqish joyi tor, ko‘chaga olib chiqadigan zina esa “yanada torroq” bo‘lgan.

“Taxminan 200 kishi 30 soniya ichida juda tor zinapoyadan chiqib ketishga urindi”, deydi ular.

Jabrlanganlar Shveysariya, Fransiya, Belgiya va Italiya shifoxonalariga yetkazilgan. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk mamlakati 14 kishini davolanish uchun qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan.

Hozircha faqat bitta halok bo‘lgan shaxsning ismi ma’lum – u Italiya fuqarosi, 16 yoshli Emmanuele Gallepini. Uning vafoti haqida Italiya Golf federatsiyasi xabar bergan. Ta’qdiri hozircha noma’lum bo‘lgan boshqa yoshlarning ota-onalari ijtimoiy tarmoqlarda ularning suratlarini joylab, yordam so‘ramoqda. Rim papasi Lev XIV ham halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur hodisa oqibatida vafot etganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari aniqlanmagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in kurort Shveytsariya Kran-Montana

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing