Odamlar yoppasiga Kiyevdan qochishi mumkin
Olam
−
06 noyabr 2022
40275Ukraina Rossiyaning raketalari tomonidan jiddiy shikastlangan elektr tarmog‘ini saqlab qolish uchun kurashayotgan bir paytda, poytaxt Kiyev rasmiylari bir vaqtlar aqlga sig‘maydigan imkoniyatni rejalashtirishni boshlaganlarini aytishmoqda. Ya’ni, shahar elektr energiyasidan uziladigan bo‘lsa, taxminan 3 millionga yaqin inson evakuatsiya qilinadi. Bu haqda “The New York Times” nashri yozmoqda.
Ukrainaning energetika infratuzilmasining 40 foizi shikastlangan yoki vayron bo‘lgan vaziyat shu qadar og‘irki, shahar ishchilari 1000 ta isitish maskani qurmoqda. Shuningdek, ular bunker vazifasini ham o‘taydi. Muhandislar esa zarur jihozlarsiz bombardimon qilingan elektr stansiyalarini tuzatishga harakat qilmoqda.
Joriy yilning 5 noyabr kuni Ukrainaning Milliy energetika kompaniyasi elektr tarmog‘ining butunlay ishdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yettita mintaqada elektr energiyasini o‘chirishda davom etishini aytdi.
Ukrainaning elektr energiya bilan ta’minlash qobiliyatidagi jiddiy taranglik Rossiya kuchlari tomonidan mamlakat bo‘ylab muhim energetika infratuzilmalarining keng miqyosda bombardimon qilinishi natijasidir. Tahlilchilar fikricha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qo‘shinlari jang maydonida bir necha bor muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun shunday taktikani qo‘llamoqda.
Qish yaqinlashar ekan, Kiyevda tinch aholini Rossiya raketalaridan ham himoya qila oladigan 1000 ta isitish boshpanalari tayyorlanmoqda. Ularning aksariyati ta’lim muassasalari ichida, biroq rasmiylar oson nishonga aylanmasligi uchun ularning aniq manzillari haqida xabar bermaslikni so‘ragan.
Kiyev munitsipal hukumatining xavfsizlik bo‘yicha direktori Roman Tkachukning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hujumlarni davom ettirsa, Kiyev butun elektr tizimidan mahrum bo‘lishi mumkin.
“Biz tushunamizki, Rossiya bunday hujumlarni davom ettirsa, biz butun elektr tizimimizdan mahrum bo‘lishimiz mumkin", degan Tkachuk.
Uning ta’kidlashicha, poytaxt rasmiylari elektr tarmog‘i ishdan chiqish arafasida turgani haqida kamida 12 soat oldin xabar olishlari mumkin. Agar vaziyat shu darajaga yetsa, odamlar ogohlantiriladi va ularning Kiyevni tark etishi so‘raladi. Hozirda energiya bilan bog‘liq vaziyatni boshqarish mumkin va ko‘p sonli tinch aholining Kiyevdan qochib ketayotgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ammo elektr bilan ta’minlash uziladigan bo‘lsa, vaziyat teskari tomonga o‘zgaradi.
“Elektr energiyasi bo‘lmasa, suv ham, kanalizatsiya ham bo‘lmaydi. Shuning uchun hozirda hukumat va shahar hokimiyati elektr ta’minoti tizimimizni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda”, degan Roman Tkachuk.
LiveBarchasi