Odamlar 7 yilga saylangan Mirziyoyevdan nima kutyapti?

Bu qiziq

Joriy yilning 9 iyul kuni O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Sandiqlar ochildi, natijalar e’lon qilindi. G‘olib esa aniq – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev. Xo‘sh, fuqarolar o‘zlari saylagan prezidentdan nima kutmoqda? Ular qaysi sohalarda o‘zgarish bo‘lishini istaydi? QALAMPIR.UZ xuddi shunday savollar bilan odamlarga mikrofon tutdi.

So‘rovnomada ishtirok etgan fuqarolarning ko‘pchiligi keyingi yetti yilda asosan yoshlar masalasiga ko‘proq e’tibor berilishini, kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli uy-joy ajratilishini, sog‘liqni saqlash tizimida islohotlar bo‘lishini kutmoqda.

“Sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi yo‘nalishlarda o‘zgarish bo‘lishi kerak. 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tekin jamoat transportidan foydalanish imkoniyati berilsin, musiqa hamda sport kabi yo‘nalishlarda ular erkin bo‘lsin. Bu borada ko‘p joyda yozganman, lekin hech qachon bu masalaga e’tibor berilmagan. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlashda yoshi kattalar va bolalar uchun alohida e’tibor kerak”, deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.

Shuningdek, so‘rovnomada ishtirok etgan fuqarolar orasida yangi siyosiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutayotganlar ham topildi.

“Men yangi siyosiy o‘zgarishlar bo‘lishini hamda partiyalarning siyosiy faolligini kutyapman. Ko‘proq ta’lim sohasida o‘zgarish bo‘lishini xohlar edim. Menimcha, ta’lim sohasida o‘zgarish bo‘lmasdan turib, davlatni rivojlantirib bo‘lmaydi. Bizda hozir juda ko‘p sohalarda kadrlar muammosi bor. Misol uchun, energetika sohasida ham, ta’limda ham, neft va gazni qayta ishlab chiqarish sohalarida ham kadrlarni ko‘paytirish kerak”, deydi u.

Bundan tashqari, mazkur so‘rovnomada fuqarolar tomonidan oldingi siyosiy jarayonlar davom etishini, hamma soha birdek rivojlanayotganini aytganlar, hech qanday o‘zgarish bo‘lishini istamaganlar ham bor.

“Albatta, saylovdan keyin hozirgi islohotlarni to‘g‘ri davom etishini xohlaymiz. Prezidentimizning hozirda olib borayotgan islohotlariga to‘liq qo‘shilamiz”, deydi yana bir fuqaro.

Albatta, fuqarolar orasida kameradan qochgan, gapirishni istamaganlari ham ko‘p. Bu esa mamlakatdagi so‘z erkinligiga munosabat qay darajada ekanligidan dalolat beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev prezidentlik saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing