Odam savdosida gumonlangan o‘zbekistonlik Turkiyadan deportatsiya qilindi
3-sahifa
−
24 may
3488Avvalroq, firibgarlik va odam savdosi jinoyatini sodir etishda ayblanayotgan, 1979 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Ozod Sa’dullayevich Rahimov Istanbul shahrining Fatix tumanida qo‘lga olingani xabar qilingandi. Kecha, 23 may kuni u O‘zbekiston Respublikasiga deportatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Qayd etish joizki, Ozod Rahimov Samarqand viloyatida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda, shuningdek, Istanbul shahrida bo‘lgan davrida 2022-2023 yillar mobaynida bir qancha O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini Turkiya-Ispaniya-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi bo‘ylab AQSHga yuborishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan ularning har biridan 10-15 ming AQSH dollari olib, va’dasini bajarmasdan, o‘zining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.
Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘ralgan.
“Jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda, shu jumladan Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Bosh konsulxona keyingi vaqtlarda AQSH, Kanada yoki Yevropa davlatlarga borish uchun viza rasmiylashtirib berish vaji bilan firibgarlik sodir etilishi holatlari yuzasidan tushayotgan murojaatlar soni ortganligini inobatga olib, fuqarolarni firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh bo‘lishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiyaning Kirov shahrida odam savdosida gumonlanib, davlatlararo qidiruvda bo‘lgan 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi