Prezident hokimlarning 2,5 ming qarori sudlarda “singanini” tanqid qildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash uchun barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoatchilik tashkilotlari, OAV va har bir fuqaro safarbar etilishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaati davomida aytib o‘tdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingan.

“Oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingani, bundan buyon ularning qaror qabul qilishida ochiqlikni ta’minlash zarurligini taqozo etmoqda. Bunga yo bilimsizlik, yo korrupsiya asos bo‘lgan”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlarini hisobga qo‘yish va e’lon qilish bo‘yicha elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bir oy muddatda ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha taklif kiritadi.

Kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini baholaydigan, ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etiladi.

Moliya vazirligi uch oy muddatda davlat idoralari byudjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va xarajatlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid ma’lumotlarni, e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi.

“Korrupsiyaning oldini olishda, barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari, ochiq, va faqat ochiq bo‘lishini ta’minlash, hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Masalan, fuqarolarimiz joriy yildan boshlab, ochiq e’lon qilinayotgan davlat xaridlariga oid ma’lumotlardan foydalanib, o‘rinli masalalarni ko‘tarmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

79

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing