Ob’ektlarni auksionga chiqarish uchun yig‘im bekor qilinadi
Jamiyat
−
26 iyul 2021
35652021 yil 1 sentyabrdan “E-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining “Elektron onlayn-auksionni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra:
• ishtirokchilarga, shu jumladan chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan turib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan bepul taqdim qilinadi;
• ob’ektlarni auksionga chiqarish uchun to‘lanadigan yig‘im bekor qilinadi;
• auksion o‘tkazish to‘g‘risidagi xabar u o‘tkaziladigan kundan 30 kun oldin e’lon qilinadi;
• xabar e’lon qilingan paytdan boshlab auksion jarayoni yakuniga qadar ishtirokchilarga ob’ektni sotib olish bo‘yicha auksion qadamiga bog‘lanmagan o‘z narx taklifini kiritish huquqi beriladi;
• sotilgan ob’ektning qiymati BHMning 5 ming baravarigacha bo‘lganda, to‘lovlarni 10 ish kuni, 5 ming baravariga teng yoki undan ortiq bo‘lganda to‘lovlarni 15 ish kuni mobaynida to‘lash imkoniyati yaratiladi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
• auksion g‘olibi to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortgan taqdirda, g‘olib hamda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sischilari auksionlardan chetlatiladi (to‘lovlarni to‘lamaslik holati birinchi marta sodir etilganda bir yil muddatga, ikkinchi marta takrorlansa muddatsiz davrga);
• auksionga chiqarilgan ob’ektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.
Mazkur tartib elektron savdo platformasi orqali sotilishi yoki ijaraga berilishi belgilangan barcha turdagi aktivlarga nisbatan tatbiq etiladi.