OAV: Atamboyev qo‘lga olindi
Olam
−
07 avgust 2019
23572Avvalroq, Qirg‘izistonda mamlakatning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlangani haqida xabar bergan edik. Maxsus bo‘linma Atamboyevning Qo‘y-Toshdagi uyiga bostirib kirgandi.
OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Almazbek Atamboyev hozirda qo‘lga olinib, noma’lum tarafga olib ketilgan. Biroq boshqa ba’zi manbalar sobiq Prezidentning o‘g‘liga tayanib, Atamboyevning xavfsiz joyda ekani haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 22 iyul kuni Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mirlan Kanimetov va tergov guruhi Almazbek Atamboyevni tergovga chaqirish uchun uning rezidensiyasiga kelgandi. Biroq oradan 20 daqiqa o‘tgach, quruq qo‘l bilan ortga qaytishga majbur bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston parlamenti joriy yilning 20 iyun kuni Atamboyevning daxlsizligini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilib, uni mamlakat Bosh prokuraturasiga yubordi.
Prokuratura Atamboyevni Issiq-ko‘l viloyatida yer uchastkalarini qayta profillash, Bishkek issiqlik elektr stansiyasi va mamlakat poytaxtidagi Tarix muzeyi rekonstruksiyasida korrupsiyaga qo‘l urganlikda, jinoiy “avtoritet” Aziz Batukayevni jazoni o‘tash joyidan noqonuniy ozod qilishga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqardi. Agar sud uni aybdor deb topsa, Atamboyev butun umrga qamalishi mumkin.
Atamboyevning o‘zi parlament a’zolarining ayblovini “mavhum” deb, xalq oldida vijdoni toza ekani va Prezidentligidagi barcha harakatlari uchun javob berishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Almazbek Atamboyev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan. Atamboyev birinchi to‘liq prezidentlikdan keyin o‘z xohishi bilan lavozimni tark etgan birinchi prezident bo‘lgan.
LiveBarchasi