OAV: AQSHda koronavirusdan vafot etganlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor

Olam

image

AQSHning Nyu-York shahrining Bruklin tumanida ikki nafar o‘zbekistonlik koronavirus infeksiya sabab olamdan o‘tdi. Ularning yoshi 50-60 yoshlar atrofida, deb aytilmoqda. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 3 aprel kuni Bruklindagi kasalxonalardan birida joni uzilgan o‘zbekistonlik ayolning yaqinlari u COVID-19 dan vafot etganini tasdiqladi. Yoshi 60 dan oshgan bu ayol 9 yildan buyon AQSHda doimiy yashab kelgan.

Undan bir kun 6-7 yildan buyon AQSHda o‘z oilasi bilan doimiy yashab kelgan o‘zbekistonlik  51 yashar erkak Nyu-Jersi shtatida dafn etilgan. Marhumning oilasiga yaqin manbalar u ham koronavirusdan vafot etganini ma’lum qilgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nyu-York va uning atrofida kamida 50 ming o‘zbekistonlik yashaydi. Vatandosh bemorlar orasida homilador ayollar, yoshlar va keksalar bor. Kasalxonalarda joy yetishmagani bois shifokorlar muayyan talablar bilan ba’zilarni uyiga jo‘natgan. Og‘irlashsa, kasalxonalarga qaytarilgan hollar ham uchrayotgani aytilmoqda.

“Vatandoshlar orasida virusdan o‘lim hollari yuz berganida va umuman fuqarolar hozirgi favqulodda holatlarda O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi konsulligi bilan bog‘lanishi tavsiya qilinadi. Vakolatxonalar har jihatdan ko‘mak ko‘rsata olmasligi mumkin, lekin elchixona va konsullik hujjatlar va boshqa zaruratlar borasida ko‘maklashishga tayyor ekanini eslatib turibdi”, deyiladi xabarda.

Bugunga kelib, AQSHda koronavirusga chalinganlar 300 mingdan oshgan. Vafot etganlar qariyb 8500 nafarni tashkil etmoqda. Koronavirusdan shifo topgan bemorlar soni 15 mingga yaqin. Bemorlarning 115 mingga yaqini Nyu-Yorkda qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh N'yu-York

Baholaganlar

322

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing