Ohangaronda bulbul ovlagan shaxs jarimaga tortildi
Jamiyat
−
19 may 2023
5577Toshkent viloyati Ohangaron tumanida bulbul ovlagan shaxs salkam 7 mln so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tabiat resurslari vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi yo‘l patrul xizmati va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Tadbir davomida fuqaro A.N. Toshkent viloyati Ohangaron tumani tog‘li hududlaridan noqonuniy ravishda, hech qanday ruxsatnomalarsiz 11 ta bulbulni ovlagani aniqlangan. Huquqbuzardan noqonuniy ov qurollari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilib, qushlar tabiatga qo‘yib yuborilgan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Uning hayvonot dunyosiga 3 mln 630 ming so‘m miqdorida zarar yetkazganligi aniqlandi. Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan 3 mln 300 ming so‘m jarima belgilandi. Huquqbuzar jami 6 mln 930 ming so‘m miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.