Ohangaronda 4 kishi fermer xo‘jaligiga hujum uyushtirdi
Jamiyat
−
05 yanvar 2021
9830Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi fermer xo‘jaligiga 4 nafar shaxs bosqinchlik bilan bostirib kirgan va yerdagi ishchilarni kaltaklab, moddiy buyumlarini talon-toroj qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning 25 dekabr kuni soat 20:30 larda Toshkent viloyatida muqaddam sudlangan 30 yoshli A.F. o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida tanishlari, 26 yoshli S.A., Sh.F. hamda 25 yoshli X.S. va D. ismli shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, Ohangaron tumani “Shodmalik” MFY,da joylashgan fermer xo‘jaligiga kirishib, fermer xo‘jaligi qorovulxonasidagi oynani sindirib, oyna sinig‘i va o‘sha yerda bo‘lgan yog‘och tayoqlar bilan qurollanib, fermer xo‘jaligining 9 nafar ishchilariga hujum qilib, o‘ldirish bilan qo‘rqitgan.
Bosqinchilar ularga turli xil tan-jarohatlari yetkazib, ikki dona narxi 120 ming so‘mli “MAXVI” rusumli qo‘l telefoni va narxi 145 ming so‘mli qora rangli kurtka, narxi 150 ming so‘m bo‘lgan “FLY” rusumli qo‘l telefoni, 40 ming so‘mli “Nokia 1110” rusumli uyali telefoni hamda narxi 180 ming so‘mlik “INOI” rusumli uyali telefonlarini talon-taroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Oqibatda fermer xo‘jaligi ishchilari turli tan jarohatlari bilan Ohangaron tumani markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida yuqoridagi shaxslardan ashyoviy dalil tariqasida talon-toroj qilingan buyumlar rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “B” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov jarayonida yuqoridagi jinoyatni sodir etgan shaxslarning har biriga ayblov e’lon qilinib “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi