Nursulton Ro‘ziboyev Borraloga javob qaytardi
Sport
−
24 iyul 2023
8977O‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev braziliyalik raqibi Kayo Borraloning Twitter'dagi gaplariga javob qaytardi. Avvalroq braziliyalik Ro‘ziboyevni “sindirib” tashlash niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.
“Ko‘p gap eshakka yuk. Xudo xohlasa, hammasini jangda hal qilamiz”, deydi Nursulton Ro‘ziboyev.
Shuningdek, Borraloning posti o‘zbekistonlik MMA'chilarining ham keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Borraloning tanqidiy so‘zlariga o‘zbekistonlik sobiq UFC jangchisi Saidyoqub Qahramonov quyidagicha javob qaytardi.
“Bu O‘zbekiston, men Braziliyani yaxshi ko‘raman. Ayniqsa uning sohillari juda yoqadi”, deb kinoya qilgan Qahramonov.
Eng yengil vaznda o‘zbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Firdavs Hasanov ham Twitter'dagi sahifasi orqali braziliyalik Kayo Borraloga murojaat qildi.
“O‘zbekiston ham seni hurmat qiladi, biroq bizning jangchimiz seni “sindiradi”. Bu juda tez sodir bo‘ladi”, deydi Hasanov.
Ma’lumot uchun, Ro‘ziboyev bunga qadar 43 marta oktagonga ko‘tarilib, 35 ta jangida g‘alaba qozongan, 8 ta bahsda esa raqiblariga imkoniyatni boy bergan. Uning UFC'dagi natijasi 1-0 va Ro‘ziboyev ham promoushendagi ilk jangida braziliyalik MMA'chi Bruno Ferreyra bilan jang qilib, uni nokautga uchratgan edi. Kayo Borralo esa faoliyati davomida 15 ta jangda qatnashib, 14 marta g‘alabaga erishgan va 1 marta imkoniyatni boy bergan. Borralo UFC'da 4 ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qozongan.
Eslatib o‘tamiz, Nursulton Ro‘ziboyev va Kayo Borralo o‘rtasidagi jang joriy yilning 4 noyabr kuni Braziliyaning San-Paulo shahrida joylashgan “Ibirapuera Gymnasium” majmuasida, UFC Fight Night musobaqasi doirasida tashkil etiladi.
LiveBarchasi