Nukus voqealarida ayblangan “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” partiyasi yetakchisi qamaldi
Jamiyat
−
10 may 2023
16467Bugun, 10 may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan Nukus voqeasi bo‘yicha ayblanuvchilar Amanbay Sagidullayev va Niyetbay Urazbayevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishga oid ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Keltirilishicha, “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” partiyasi yetakchisi, hozirda Norvegiyada yashovchi Amanbay Sagidullayevga nisbatan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Shuningdek, Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati “Allayar yo‘li” qoraqalpoq etnik-madaniy birlashmasi raisi bo‘lgan Niyetbay Urazbayevga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasi (sud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki)ga asoslanib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lganligi va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi bois ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi A.Sagidullayev va N.Urazbayevning ishtirokisiz o‘tkazilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, A.Sagidullayev Jinoyat kodeksining 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi, 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi, 4-qismi, 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismi tartibida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.
N.Urazbayev Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Shuningdek, sudlanuvchilarning aybidan Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ushbu xarakatlar Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli) chiqarildi.
Bundan tashqari, sud hukmi bilan Internet tarmog‘idagi A.Sagidullayevga tegishli sahifalar, kanallar bloklanishi belgilandi.
Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 39 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilingandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




