Nukus fojiasi. MG xodimining “Makarov” to‘pponchasini olib qo‘ygan o‘qituvchi aybiga iqror bo‘ldi

3-sahifa

image

Buxoro viloyat sudida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish davom etmoqda. 

Sudlanayotgan shaxslar orasida 1992 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, millati – qoraqalpoq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat universiteti o‘qituvchisi bo‘lgan Razbek Bekmuratov ham bor.  U Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “a” bandi, 244-moddasi 3-qismi va 247-moddasi (o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aylanmoqda. 

Qayd etilishicha, u 2 iyul kuni Nukus shahri “Naupir” mahallasi hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohati yetkazib, “Makarov” markali to‘pponchasini olib qo‘ygan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi binosida bo‘lib o‘tayotgan ochiq sud majlisida Razbek Bekmuratov Nukusda tartibsizliklar ro‘y bergan kunlari bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlab berdi.

Sud, prokuror va advokatlarning savollariga javob qaytarar ekan, jumladan, u ijtimoiy tarmoqlardagi videolarni ko‘rib, ta’sirlanib, ko‘chaga noqonuniy namoyishga chiqqani, 5 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi oldida katta miting bo‘lishi haqidagi xabarlardan ko‘proq ta’sirlangani va qo‘llab-quvvatlaganini aytdi.

U Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilingani, jumladan, ulardan birining kiyimi majburlab yechtirilayotganda to‘pponchasi yerga tushib ketganini ko‘rib, o‘qotar qurolni egallab olganini tan olgan.

Hibsga olingunga qadar Qoraqalpog‘iston davlat universiteti o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan 30 yoshli Razbek Bekmuratov avvalgi sud majlisida aybiga qisman iqror ekanini bildirgan edi.

Bugungi bo‘lib o‘tgan sud majlisida u ko‘zda yosh bilan qilgan ishidan pushaymon ekanini so‘zlab, prezidentdan, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlaridan kechirim so‘radi. Suddan jazo tayinlashda qaramog‘ida voyaga yetmagan yosh bolalari borligini inobatga olinishini iltimos qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

229

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing