Nukus aeroporti faoliyatiga cheklov o‘rnatildi, reyslar bekor qilindi
Jamiyat
−
04 iyul 2022
6852Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etilishi va Prezident farmoni ijrosini taminlash maqsadida “Nukus” aeroporti faoliyati komendantlik soatlarida vaqtinchalik soat 21:00 dan 07:00 gacha cheklanadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” AJ ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, komendantlik soati talablaridan kelib chiqqan holda, kecha, 3 iyul kuni “Uzbekistan Airways” AJning Toshkent – Nukus – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY017/HY018 reyslari bekor qilingan.
4 iyul kuni bekor qilingan reyslarning barcha yo‘lovchilari Toshkent – Nukus – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY011/HY012 reyslari orqali yetkaziladi.
Ta’kidlanishicha, aviakompaniya yo‘lovchilarni reyslar kechiktirilishi haqida xabardor qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi