NYT Baydenni prezidentlik poygasidan voz kechishga chaqirdi

Olam

image

“The New York Times” gazetasi tahririyati AQSH Prezidenti Jo Baydenni saylovoldi poygadagi keyingi ishtirokidan voz kechishga va “baquvvatroq” demokrat nomzodga o‘z o‘rnini berishga chaqirdi

Kecha, 28 iyun kuni chop etilgan maqolaga ko‘ra, o‘zining raqibi Donald Tramp bilan birinchi teledebatida Bayden “buyuk davlat xizmatchisining soyasi” sifatida namoyon bo‘lgan.

“Janob Bayden ajoyib Prezident bo‘ldi, uning rahbarligi ostida mamlakat gullab-yashnadi va bir qator uzoq muddatli muammolarni hal qila boshladi va janob Tramp tomonidan ochilgan yaralar bita boshladi. Ammo janob Bayden hozir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng katta davlat xizmati – u qayta saylanishda davom etmasligini e’lon qilishdir”, deb yozadi jurnalistlar.

Materialda ta’kidlanishicha, 27 iyun kuni bo‘lib o‘tgan teledebatlardan so‘ng saylovchilar “aniq bo‘lgan narsani e’tiborsiz qoldira olmaydi: janob Bayden endi to‘rt yil oldingi odam emas”.

“Amerikaliklar hozirgi Prezidentning yoshi va zaifligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqda. U bir necha bor gapning oxiriga yetishda qiynalgan”, deb ta’kidlaydi NYT tahririyati.

Maqola mualliflarining fikricha, Demokratik partiya “millat manfaatlarini bir shaxsning ambitsiyalaridan ustun qo‘yish yukiga ega”, unda “Trampning ikkinchi prezidentligiga aniq, jozibali va kuchli muqobil taqdim etish uchun yaxshi yetakchilar bor”.

“Saylovchilarni janob Tramp va janob Baydenning kamchiliklari o‘rtasida tanlov qilishga majburlash orqali mamlakat barqarorligi va xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishga hech qanday asos yo‘q”, deyiladi materialda.

Jurnalistlarning fikricha, respublikachini mag‘lub etish uchun demokratlar Amerika jamoatchiligi bilan halol bo‘lishlari, Bayden bu poygani davom ettira olmasligini tan olishi va boshqa da’vogar topishi kerak.

Teledebat tugashi bilanoq, Demokratik partiya avgust oyida bo‘lib o‘tadigan, Bayden rasman nomzod sifatida ko‘rsatilishi kutilayotgan partiyaning Milliy qurultoyidan oldin yoki uning davomida prezidentlikka boshqa nomzod ko‘rsatishi mumkinmi, degan taxminlar boshlandi.

Omma oldida yetakchi demokratlar Baydenni qo‘llab-quvvatlab, uning g‘alabasi uchun kurashishlarini aytmoqda. Uning shtab-kvartirasining rasmiy vakillari ham Prezident kurashdan chekinish niyatida emasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing