Norvegiya 2026 yilda Ukrainaga 8,5 mlrd dollar ajratmoqchi
Olam
−
15 Oktabr 1537
Norvegiya 2026 yilda Ukrainaga qarib 8,5 milliard dollar ajratmoqchi, shundan 6,9 milliard dollari harbiy yordam doirasida bo‘ladi. Bu haqda bugun, 15 oktyabr kuni mamlakat hukumati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yilda Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordam miqdori rekord darajada – 85 milliard norvegiya kroni (8,4 milliard dollar) etib belgilanishi rejalashtirilgan. Undan 15 milliard kroni (1,4 milliard dollar) fuqarolik, 70 milliard kroni (6,9 milliard dollar) esa harbiy yordam sifatida ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oslo NATO davlatlari tomonidan Ukrainaga beriladigan yangi qo‘shma harbiy yordam paketi uchun yana 2 milliard kron yoki qariyb 200 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avalroq AQSH Urush vaziri Pit Hegset Bryusselda o‘tayotgan NATO Mudofaa vazirlari yig‘ilishi doirasida NATOdan Ukraina uchun ko‘proq AQSH qurollarini sotib olishni so‘ragandi. U AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati davrida boshlangan “Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati” (Prioritized Ukraine Requirements List, qisqacha PURL) tashabbusi haqida so‘z yuritgan. Ushbu dasturga muvofiq, AQSH Ukrainga qurolni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazmaydi, balki uni o‘z ittifoqchilariga sotadi, ular esa qurollarni Kiyevga topshiradi.
Mohichehra Qadamova