“Normand shakli”dagi sammit: Putin va Zelenskiy nimaga kelishdiyu, nimani bo‘lisholmadi?

Olam

image
Putin bilan yakkama-yakka uchrashmang — Poroshenko north_east

Putin bilan yakkama-yakka uchrashmang — Poroshenko

Kecha, 9 dekabr kuni Fransiya poytaxti Parijda “normand to‘rtligi” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya Prezidenti Validimir Putin, Germaniya kansleri Angela Merkel, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qatnashdi.

Uchrashuv taxminan 8 soat davom etdi. Orada esa Putin va Zelenskiy suhbati uchun to‘rt rahbarning suhbatida uzilish bo‘ldi.

Rossiya va Ukraina sammitda yil yakunigacha barcha asirlani almashishga kelishib oldi. Shuningdek, keyingi uchrashuv 4 oydan keyin o‘tkazilishi belgilandi.

Sammit yakunida davlat rahbarlari kommyunika imzoladi. Hujjat mojaroli hududda barqarorlikka erishish uchun kechiktirilmaydigan choralar, Minsk kelishuvidagi siyosiy holat bo‘yicha choralarni amalga oshirish va muzokaralarni davom ettirish kabi qismlardan iborat bo‘ldi.

Hujjatda yil oxirigacha, faqatgina Rossiya va Ukraina emas, tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi (DXR) va Lugansk xalq respublikasi (LXR) ham o‘zaro asirlarni almashishi kerakligi belgilab qo‘yildi.

Sammitda harbiylarni front chizig‘idan ortga qaytarishga kelishishning iloji bo‘lmadi. Boshqa harbiy-siyosiy jarayonlar bo‘yicha ham o‘sish darajasi yaxshi emas. Tomonlar qaysi shartlarda Ukraina Rossiya bilan chegaradagi hududlari ustidan nazoratni qaytarib olishi mumkinligiga kelisha olmadi. Putin DXR va LXR maqomi Ukraina Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilishi kerakligini aytdi. Zelenskiy bunga javoban Ukrainada federallashuv bo‘lmasligini ta’kidladi.

Sammitda Qrim masalasi muhokama qilinmadi. Ukraina Prezidenti bu masalaniga to‘xtalish niyatida edi, biroq Kreml oldindan bu borada gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasligi haqida ogohlantirgandi.

Eng asosiysi gaz muammosi ham o‘z yechimini topmadi. Ukrainaning “Naftogaz” kompaniyasi uzoq muddatli gaz tranziti evaziga Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi ustidan Xalqaro sudlarga gaz tranziti qoidalarini buzganlik bo‘yicha bergan da’vo arizalaridan voz kechmoqchi emas. “Naftogaz” ijrochi direktori Yuriy Vitrenkoning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar “kelishuvni davom ettirishga kelishgan”. Agar joriy yil oxirigacha kelishuvga erishilmasa, 2020 yildan Yevropaga Rossiya gazini yetkazib berish to‘xtab qolishi mumkin.

To‘rt oydan keyin o‘tkazish belgilangan uchrashuvning asosiy mavzusi Donbassda mahalliy saylovlar o‘tkazish bo‘ladi.

Uchrashuv yakunida Zelenskiy hozircha u va Putin o‘rtasida durang ekanini aytdi. “Bugun qandaydir yon berishlar bo‘ldi, men buni his qildim. Men kim diplomat bo‘lishi kerak bilmayman, biz suhbatni endigina boshladik. Keling hozircha durang bo‘lsin”, dedi Ukraina Prezidenti.

Uchrashuvda biror aniq masala o‘z yechimini topmagan bo‘lsa-da, tomonlar undan mamnun bo‘ldi. Makron oradan 3 yil o‘tib bunday uchrashuv o‘tkazilishining o‘zi bir natija ekaniga urg‘u berdi. Putin esa Rossiya va Ukraina o‘rtasida qandaydir “iliqlik” yuzaga kelganini aytdi. Merkel esa yaxshi niyat va ijobiy munosabat borligini qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina Normand to'rtligi

Baholaganlar

139

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing