Norboyeva o‘zbek paxtasiga boykot qaysi karomat uchun olinganini aytdi
Jamiyat
−
17 mart 2022
16664Xabaringiz bor, joriy yilning 10 mart kuni “Cotton Campaign” koalitsiyasi o‘zbek paxtasiga qilingan boykotni bekor qildi. Mazkur qaror yuzasidan bugun, 17 mart kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva yuqori palata yalpi majlisida izoh berdi.
Unga ko‘ra, majburiy mehnatning oldini olish masalasiga yetarlicha e’tibor qaratilmagani bois bundan 13 yil muqaddam “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan O‘zbekiston paxtasiga xalqaro boykot e’lon qilingan. Yengil sanoat sohasida jahonda yetakchi bo‘lgan 300 dan ziyod brendlar mazkur boykotga amal qilgan. Bu esa mamlakatning to‘qimachilik va yengil sanoat rivojiga hamda milliy iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
“Taraqqiyotimizning yangi davrida davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi bilan birinchilardan bo‘lib majburiy mehnatga, ayniqsa bolalar mehnatiga batamom barham berish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rildi”, deydi Tanzila Norboyeva.
Senat raisiga ko‘ra, paxta terimida majburiy mehnatni yo‘q qilish uchun 32 ta normativ-huquqiy hujjat, 2021 yilda 4 ta qonun, 2 ta Prezident farmoni va 4 ta qarori, 6 ta Hukumati qarori mustahkamlangan. Xalqaro qoida va standartlar amaliyotga joriy etilgan (XMTning 19 ta konvensiyasi, shu jumladan 8 ta asosiy va 4 ta direktiv konvensiyasi ratifikatsiya qilingan).
Shuningdek, agrar soha, ayniqsa paxtachilik yo‘nalishi isloh qilingan (klasterlar tashkil etilgan, mexanizatsiyalashtirish darajasi 12 foizga yetgan, paxtaga davlat buyurtmasi bekor qilingan, narxlar erkinlashtirilgan). Institutsional baza rivojlantirilgan (ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy komissiyalar, milliy ma’ruzachi). Fuqarolik jamiyati institutlari va ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar bilan tizimli muloqot va amaliy hamkorlik faollashtirilgan (XMT, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, AQSH Davlat departamenti va AQSH Mehnat vazirligi, “Cotton Campaign”).
Bundan tashqari, qat’iy nazorat, monitoring va tanqidiy tahlil tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
“Ko‘rilgan ushbu choralar o‘zining ijobiy natijalarini berdi. Ko‘plab xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar mamlakatimizda majburiy mehnat, jumladan bolalar mehnatiga barham berilganini e’tirof ettdi. Eng muhimi yaqinda (10 mart) “Cotton Campaign” deyarli 13 yil davom etgan O‘zbekiston paxtasiga qarshi boykotni bekor qildi. Bu tarixiy voqea! Ishonch! E’tirof!
Ishonamanki, bu yerda yig‘ilganlar ushbu e’tirofning nechog‘lik muhim ekanini, bunga osonlikcha erishilmaganini hamda qanchalik katta imkoniyatlar eshigi ochilishini yaxshi anglaydilar”, deydi Senat raisi.
Tanzila Norboyeva mazkur natijani qo‘lga kiritishda jonbozlik ko‘rsatgan barcha parlament a’zolariga, vazirlik va idoralar mutasaddilariga, fuqarolik jamiyati faollariga, xalqaro tashkilot va tuzilmalardagi do‘stlariga, jurnalist, blogerlarga minnatdorlik izhor qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mazkur holatga izoh bergan edi.
LiveBarchasi