Nomdor bitiruvchilar homiyligida maktablarda jamg‘arma tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ta’lim muassasalarida uni bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari hisobiga shakllantiriladigan bitiruvchilar jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Mazkur qaror bilan Ta’lim muassasalarida uni bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari hisobiga shakllantiriladigan bitiruvchilar jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi. 

Mazkur nizom 5 bob, 25 moddadan iborat bo‘lib, uning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:

Ta’lim muassasalarida uni bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari hisobiga shakllantiriladigan bitiruvchilar jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida” 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-son Farmoniga asosan ta’lim muassasalarida uni bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari hisobiga bitiruvchilar jamg‘armalarini (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etish, uning mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasi tasarrufidagi ta’lim muassasalariga nisbatan tadbiq etilmaydi.

2. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari ta’lim muassasalarining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida ochilgan alohida byudjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida (g‘azna ijrosi bilan qamrab olinmagan muassasalarda ularning maxsus hisob raqamlarida) jamlanadi va ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.

 2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish
va ulardan foydalanish tartibi

3. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

ta’lim muassasalarini bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor bitiruvchilarning homiylik xayriya mablag‘lari;

xayriya beruvchilar mablag‘lari, xalqaro tashkilotlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarining xayr-ehsonlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar.

4. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi:

iqtidorli, bilimli o‘quvchi va talabalarning o‘z bilimlarini yanada mustahkamlashlari uchun zarur bo‘ladigan o‘quv va ilmiy adabiyotlar hamda jihozlar xarid qilish;

a’lochi o‘quvchi va talabalarning o‘z ustida ishlashlari va bilimlarini muntazam rivojlantirishga intilishlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

o‘quvchi va talabalarning tumanlar, viloyatlar, respublika va xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan (bilimlar sohasi, sport, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa tadbirlar) turli musobaqalarda faol ishtirokini ta’minlash;

kam ta’minlangan oilalar va yetim bolalar toifasiga kiruvchi o‘quvchi va talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;

professor-o‘qituvchilar va xodimlar mehnatini rag‘batlantirish;

ijtimoiy faol va ta’lim muassasasida ko‘p yillar mobaynida mehnat qilgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish;

ta’lim muassasalari moddiy texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan bino va inshootlarni ta’mirlash, zarur zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya uskunalari, mebellar, inventarlar hamda axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlash va boshqa tovar-moddiy boyliklarni xarid qilish;

faol o‘quvchi va talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika tanlovlari g‘oliblarini va ularning ustoz va murabbiylarini taqdirlash va rag‘batlantirish;

bitiruvchilar va ta’lim muassasalari o‘rtasida amaliy va foydali aloqalar o‘rnatilishini ta’minlash uchun sarflanadigan boshqa xarajatlar.

5. Jamg‘arma mablag‘larini mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilmagan maqsadlarga yo‘naltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

6. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish ta’lim muassasalari tomonidan  tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.

7. Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasiga zarurat bo‘lganda, yil davomida belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

3-bob. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish

8. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash ta’lim muassasalari rahbarlari raislik qiluvchi Jamg‘armani boshqarish kengashlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Kuzatuv kengashlari (keyingi o‘rinlarda Kengash deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.

9. Kengash tarkibi ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Kengash tarkibiga ta’lim muassasalarining rahbar va mas’ul xodimlari, o‘quvchi va talabalar, Yoshlar ittifoqi vakillari hamda mazkur ta’lim muassasalarini bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor bitiruvchilar kiritiladi.

10. Kengash majlisi a’zolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.

Qaror qabul qilishda ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda Kengash raisi tomonidan hal qiluvchi qaror qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi hamda ta’lim muassasalarining bayonnoma asosida qabul qilingan buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

11. Kengash majlisi har chorakda kamida bir marotaba, zarurat bo‘lganda navbatdan tashqari chaqiriladi.

12. Kengash:

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan tadbirlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;

Har chorak yakuni va hisobot yili yakuni bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘larining daromadlari tushumi va xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;

Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

13. Jamg‘arma faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va unga ta’lim muassasalarini bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan bitiruvchilarning homiylik mablag‘larini jalb etish ta’lim muassasasi nomidan amalga oshiriladi.

14. Ta’lim muassasasining hisob-moliya bo‘linmasi Jamg‘armaning Ishchi organi (keyingi o‘rinlarda Ishchi organ deb yuritiladi) hisoblanadi va jamg‘armadan mablag‘ ajratishga oid murojaatlar Ishchi organ tomonidan ko‘rib chiqiladi.

15. Ishchi organ quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

Jamg‘armaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi;

Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasini tuzadi, shuningdek ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etadi;

Jamg‘arma tushumlarini ko‘paytirish va uning mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

Jamg‘armaning tushumlar manbalari bo‘yicha daromadlari hamda asosiy xarajatlar yo‘nalishlari bo‘yicha hisob va hisobotini yuritadi;

har chorak yakuni bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi va Kengashga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.

16. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetasi byudjet tashkilotlari uchun byudjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi va tasdiqlanadi.

17. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag‘lari keyingi yilga o‘tadi va boshqa maqsadlar uchun olib qo‘yilmaydi.

18. Jamg‘armaning vaqtinchalik bo‘sh turgan mablag‘lari ta’lim muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining moliyaviy barqaror va to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan banklarini depozit hisobvaraqlariga joylashtirilishi mumkin va olingan foiz daromadlari mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadi.

4-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish
yuzasidan hisobot va nazorat

19. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisob va hisobotlar ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari boshqa mablag‘laridan alohida, byudjet tashkilotlari uchun byudjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuritiladi.

20. Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari smetasining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot ta’lim muassasasining yil yakunlari bo‘yicha o‘tkaziladigan yig‘ilishida Kengash a’zolari ishtirokida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

21. Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasi va uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar, shuningdek, tovarlar (ish va xizmatlar)ni xarid qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar ro‘yxatlari ta’lim muassasasining rasmiy-veb saytlarida e’lon qilinadi.

22. Ishchi organ Jamg‘arma mablag‘larining qonuniyligi va maqsadli yo‘naltirilishi, shuningdek Jamg‘arma faoliyati bo‘yicha buxgalteriya hisobi va hisobotlari tashkil etilishi uchun javob beradi.

23. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetalarining ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

5-bob. Yakuniy qoidalar

24. Jamg‘armani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

25. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 


Maqola muallifi

Teglar

Umumta'lim maktabi

Baholaganlar

2

Reyting

2.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing