Noqonuniy qurilishning noqonuniy buzilishi to‘g‘rimi? So‘z hokimga

Intervyu

Joriy yilning 6 sentyabr kuni, QALAMPIR.UZ’ga kelib tushgan murojaat asosida tahririyat a’zolari Toshkent shahri Yunusobod tumani 2-mavzeda qurilishi yakunlanmagan 14 ta bino prokuratura va ichki ishlar xodimlari ishtirokida buzib tashlanayotgani haqidagi murojaatni o‘rganish uchun voqea joyiga borgani haqida xabar bergan edik.

Kecha, 14 sentyabr kuni Yunusobod tuman hokimi Jahongir Ibrohimov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda hududdagi tadbirkorlarning do‘konlari sud qarorisiz buzilganiga izoh berdi.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — 6 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ orqali Yunusobod tumanining 2-mavzesida 14 ta do‘kon buzilayotgani haqida maqola va video e’lon qilingan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tishiga qaramay, Yunusobod tuman hokimiyati bu masalaga hech qanday munosabat bildirmadi. Vaholanki, tuman hududida hokimlik ruxsatisiz hech qanday qurilish amalga oshirish mumkin emas.

Jahongir Ibrohimov, Yunusobod tuman hokimi: — Hech qanday qarorsiz qandaydir ob’ekt qurish mumkinmi?! Ularga qurmasligi haqida ikki marta ogohlantirish ham berilgan. O‘sha tadbirkor bilan o‘zim ham gaplashganman. “To‘xta, qurma!”, deganman. APZ-1, APZ-2 degan narsalar bor. Buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Ertaga qayerdan suv ulaydi, qayerdan elektrga ulaydi, bu narsalar-chi?! Hech bo‘lmaganda qurilish loyihalariga javob beradigan joymi? Sizlar faqat bir tomonlama qaramanglar-da!

F.N.: — QALAMPIR.UZ’ga murojaat kelgan vaqtda har tomonni o‘rganishga harakat qilamiz. Aynan 6 sentyabr kuni ham Yunusobod tuman hokimligi va prokuraturasiga bordik. Afsuski, tayinli javob ololmadik. Aytaylik, tadbirkor noqonuniy do‘kon qurayotgandir, prokuratura xodimi nega noqonuniy, hech qanday sud qarorisiz buzishga kirishgan?

J.I.: — Meni tadbirkorlarga qarshiligim yo‘q. Men ulardan nima asosida qurilish boshlaganlari haqida so‘radim. “Qo‘chqorovning xati bor”, deyishdi. Mening o‘rinbosarim Qo‘chqorovning o‘sha xatini o‘qib ko‘rsangiz, bitta “Dala do‘kon” – yig‘ma bo‘lgani sababli sabzavotlar sotish uchun ruxsat berilgan. U ko‘p qavatli uylardan odamlar tushadi, shunday do‘konga ehtiyoj bor, deb uch-to‘rtta qariyaga qo‘l qo‘ydirib, ariza yozibdi. Uning bu ishi uchun rahmat! Lekin, o‘sha do‘kon yonidan yana 14 ta do‘kon qurishga ruxsat berilmagan-ku! Qurdirilgan do‘konlarning tagida issiqlik tarmog‘i bor. Nosozlik kelib chiqsa, atrofdagi ko‘p qavatli uylar issiq suvsiz qolib ketadimi?

F.N.: — To‘rt oydan buyon Yunusobod tuman hududida qurilish bo‘la turib, nega hech kim miq etmagan? Nega yozma tarzda ogohlantirish xati berilmagan? 

J.I.: — Yozma ogohlantirish xatini kimga berish kerak? 

F.N.: — Tadbirkorga!

J.I.: — Qaysi manzilga yuborish kerak?

F.N.: — Hokimlikka xat bilan murojaat qilgan mazilga. 

J.I.: — Men borib ogohlantirgan paytim endi fundament qo‘yilgan edi. Do‘konlarni qurishni vaqtida to‘xtatish haqida ogohlantirganman. 

F.N.: — Og‘zaki ogohlantirgansiz!

J.I.: — U og‘zaki qurgandan keyin, men ham og‘zaki ogohlantiraman-da! Qo‘lida hujjat bilan qursa, hujjat bilan ogohlantiraman. 

F.N.: — Tadbirkorlarning aytishiga qaraganda, qurilish joyiga borib og‘zaki ogohlantirgansiz. Ular esa o‘rinbosaringiz tomonidan ruxsat berilganini aytishganidan so‘ng hammasi o‘z holicha davom etavergan.

J.I.: — Mana shu noqonuniy qurilishlar bo‘yicha 3 marta sud bo‘ldi. Ular uchala sud majlisiga ham kelgani yo‘q. Kuni kecha ham sud bo‘ldi. Kelishmagani uchun sud qoldirildi. 

Ularning qurilish boshlashi uchun hokimiyat ruxsat bermaydi. Buning uchun Qurilish boshqarmasi bor. Shahar hokimining qarori bo‘yicha yoki yerni auksionda sotib olib, hujjatlarni Qurilish boshqarmasining kengashiga taqdim etadi. Uning loyihasi kengashda ko‘rib chiqiladi va APZ-1 yoki APZ-2 oladi. 11 ta xizmat unga qurmoqchi bo‘lgan ob’ektining ostida kommunikatsiya tarmoqlari bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot beradi. Mana shu narsalar bo‘lishi kerak-ku! Duch kelgan inson istagan joyida qurilish qilaversa, nima bo‘ladi?!

Tadbirkorlarga meni hech qanday qarshiligim yo‘q. O‘zi bilan ham gaplashdim, telefon orqali ham gaplashdim. “Hey, og‘ayni, qo‘ygin, unday qurilish qilma. Shu qurilishlaringni qonuniylashtirib qo‘ygin”, dedim. O‘sha joyni auksion orqali sotib olishini ham aytdim. Lekin unday qilishmadi. O‘sha yerga sizlarni chaqirishgan va tushunmovchilik kelib chiqqan. Men o‘sha paytda voqea joyida bo‘lmaganim uchun uzr so‘rayman.

F.N.: — QALAMPIR.UZ’ga murojaat kelgan vaqtda har tomonni o‘rganishga harakat qilamiz. Aynan 6 sentyabr kuni ham Yunusobod tuman hokimligi va prokuraturasiga bordik. Afsuski, tayinli javob ololmadik. Aytaylik, tadbirkor noqonuniy do‘kon qurayotgandir, prokuratura xodimi noqonuniy buzdirishga qanchalik haqli?

J.I.: — Noqonuniy qurgani aytilgan. Qarorni kimga ko‘rsataman. O‘zi noqonuniy qurilgan-ku.

Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlar murojaati bo‘yicha voqea joyiga chiqqan QALAMPIR.UZ xodimi ekanini tasdiqlovchi hujjat bilan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartiblardan chetga chiqmagan holda, jurnalistik faoliyatini amalga oshirishga kirishgan QALAMPIR.UZ jurnalisti va tasvirchisiga Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizov tomonidan to‘sqinlik qilingandi. Azizov yonidagi ichki ishlar posbonlariga OAV xodimlari tartibsizlik keltirib chiqarayotganini aytib, ularni IIBga olib borishlarini buyurgan.

Holat aks ettirilgan video QALAMPIR.UZ da e’lon qilinganidan so‘ng Bosh prokuratura Yunusobod tumani 2-sektor kotibi Umid Azizov tomonidan QALAMPIR.UZ internet nashri tasvirchisiga olingan videolarni o‘chirib, keyin ketishini aytib, jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganligi aniqlanganini ma’lum qildi. Biroq, oxir-oqibat prokuratura xodimi javobgarlikka tortilmadi. Qonunni himoya qiluvchi tashkilot qonunni buzgan xodimiga “odob darsi” o‘tish bilan cheklandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

81

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing