Nogironligi bo‘lgan bolalar ta’limi hanuz juda achinarli ahvolda qolmoqda – Ziroat Mirziyoyeva
Jamiyat
−
19 noyabr 2020
5122Biroz avval, BMT vakolatxonasi va “Zamin” fondi tomonidan Jahon bolalar kuniga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik. Unda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi – “Zamin” fondi Vasiylik Kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ham ishtirok etib, nutq so‘zladi.
“Ma’lumki, pandemiya hayotimizning barcha jabhalari qatori bolalar ta’limiga ham jiddiy zarar keltirdi. Global miqyosdagi ushbu inqirozli vaziyat bolalarning sifatli uzluksiz va inklyuziv ta’lim olishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra,pandemiya tufayli hanuzgacha dunyodagi maktab o‘quvchilarining uchdan bir qismi an’anaviy ta’lim olish imkoniyatini tiklay olmayapti. Bu juda achinarli hol. Ushbu muammo onlayn o‘quv kurslari orqali qisman hal qilinishiga erishilyapti.
Lekin nogironligi bo‘lgan bolalar ta’limi masalasi hanuzgacha juda achinarli ahvolda qolmoqda. Bugun fursatdan foydalanib, ushbu bolalarga ham boshqa bolalar kabi keng imkoniyat va sharoit yaratish,ularning barcha huquqlarini ta’minlash o‘ta muhim masala ekanini ta’kidlamoqchiman. Va nafaqat davlat idorasi mutasaddilari, balki butun jamoatchilikni mazkur masalaga jiddiy mas’uliyat bilan qarashga chaqirib qolaman.Chunki har bir bolaning o‘zligi bor. Bolalar har xil bo‘lgani bilan ularning huquqlari teng bo‘lishi lozim.
Shu sababli ta’lim jarayonlarida har bir bola uchun individual yondashuvni topish, hech bir o‘g‘il va qizni e’tibordan chetda qoldirmaslik zarur. Qadrli forum ishtirokchilari o‘tgan davrda bu sohada mustahkam huquqiy poydevor ham yaratildi. O‘nlab qonunlar qabul qilindi. Respublikamiz BMTning "Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasiga qo‘shildi va uni ratifikatsiya qilinishi ilk Xalqaro hujjatlardan biri bo‘ldi.
Shu yilning 23 sentyabr kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi "Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ilk bor "inkluziv ta’lim" tushunchasi kiritildi. Shuningdek "Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi qonunda ilk bor nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili kiritildi. Nogironlik endilikda tibbiy masala emas, balki birinchi navbatta inson huquqlari masalasi, deya qonuniy e’tirof etildi. Shuni ta’kidlash joizki, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun to‘siqlardan holi va inkluziv muhitni yaratish orqali ularning to‘liq va sifatli ta’lim olishini ta’minlash, bola huquqlarini amalga oshirishning samarali yo‘llaridan biridir. Shu o‘rinda nogironligi bo‘lgan bolalarni jamiyatimizning barcha jabhalariga qo‘shish, ular barcha bilan teng bo‘lishi va o‘z o‘rinlarini topishi uchun shart-sharoitlar yaratib berish "Zamin" Xalqaro jamoat fondining asosiy maqsad va vazifalaridan biri ekanligini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu yo‘nalishda fondimiz eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ta’limni rivojlantirish dasturini ishlab chiqdi va uning asosida "Zamin education" inkluziv ta’limni qo‘llash loyihalari amalga oshirilmoqda.
Albatta, muammo va qilinishi kerak bo‘lgan ishlarimiz juda ko‘p. Fursatdan foydalanib fondimiz manfaatdor va Xalqaro tashkilotlar uchun ochiq ekanligini, ushbu loyihalar doirasida turli hamkorlik dasturlarini amalga oshirishga tayyor ekanligini ta’kidlamoqchiman. Va bugun bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan hamkorlarimiz, Xalqaro tashkilotlar, Xalqaro jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Muhtaram tadbir ishtirokchilari biz bugun duch kelayotgan muammolarning samarali yechimini topish maqsadida ota-onalar, o‘qituvchilar, davlat idoralari, xususiy sektor, OAV hamda fuqarolik jamiyati faollari, shuningdek bolalarning o‘zlari bevosita ishtirok etgan holda yakdillik va tashabbuskorlik bilan harakat qilishlari g‘oyatda muhimdir.
Ishonchim komilki, bugungi forum ta’lim sohasidagi jahonning eng ilg‘or tajribalari va yangi loyihalari bilan o‘rtoqlashish, sohadagi innovatsiya yondashuvlari bilan yaqindan tanishish borasida o‘ziga xos platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bunday uchrashuvlarimizni yaxshi an’anaga aylantirishni, har yili Jahon bolalar kuni arafasida bu kabi Xalqaro forumlarni muntazam o‘tkazishni taklif qilmoqchiman”, deydi Ziroat Mirziyoyeva
LiveBarchasi