Nodirbek Yoqubboyev hindistonlik raqibidan uzr so‘radi (video)
Sport
−
31 yanvar 10643 1 daqiqa
“Tata Steel Chess - 2025” shaxmat turnirida yuzaga kelgan vaziyatdan keyin Nodirbek Yoqubboyev hindistonlik shaxmatchi Rameshbabu Vaishali bilan uchrashdi va uzr so‘radi. Bu haqda “UzChess” loyihasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Yoqubboyev hindistonlik shaxmatchi Rameshbabu Vaishali bilan uchrashib, samimiy suhbat qurgan va tushunmovchilikni bartaraf etish maqsadida unga gul va shirinlik sovg‘a qilgan.
Holat yuzasidan Yoqubboyev “ChessBase India”ga intervyu berdi.
“Nafaqat biz shaxmatchilar, balki O‘zbekiston va Hindiston xalqlari ham do‘stona munosabatlarda bo‘lishini istayman. Bo‘lib o‘tgan voqea uchun uzr so‘rayman. Bu ikkalamiz uchun ham noqulay vaziyat bo‘ldi. Men sizni, ukangizni va barcha hind shaxmatchilarni hurmat qilaman”, degan Yoqubboyev Rameshbabu Vaishaliga.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Nodirbek Yoqubboyev o‘yin oldidan shaxmat qoidalari bo‘yicha Rameshbabu Vaishalining qo‘lini siqib qo‘ymagandi va bu voqea muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Live
Barchasi