Nodirbek Abdusattorov nufuzli turnirda 3-o‘rinni egalladi
Sport
−
15 dekabr 2023
5385Kanadaning Toronto shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha Champions Chess tour-2023 turniri o‘zining yakuniy pallasiga kirdi. Musobaqaning yarim finalida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov amerikalik Uesli So bilan to‘qnash kelib, imkoniyatni boy berdi.
Yarim finalning 1-setida raqibidan 2,5:1,5 hisobida ustun kelgan O‘zbekiston vakili 2-setda xuddi shunday hisobda mag‘lubiyatga uchradi.
3-setda dastlabki 2 ta partiya durang bilan yakunlangach, tomonlar tay-brekda g‘olib nomiga oydinlik kiritadigan bo‘ldi. Qora donalarda raqibidan 5,5 daqiqa kamroq vaqt bilan o‘ynagan Abdusattorov yaxshi pozitsiyada bo‘lishiga qaramay, yakunda bitta xato yurish natijasida raqibiga ustunlikni berib qo‘yib, musobaqadagi yurishini to‘xtatdi.
Ikkinchi yarim finalda norvegiyalik Magnus Karlsen AQSH vakili Fabiano Karuanani mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi.
Shunday qilib, o‘zbekistonlik shaxmat ustasi turnirda 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, 50 ming AQSH dollari pul mukofotiga ega chiqdi.
LiveBarchasi