Nobel mukofotini topshirish marosimiga Rossiya, Belarus va Eron taklif etildi

Olam

image

Joriy yilning 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Nobel mukofotini topshirish marosimiga Rossiya, Belarus va Eron elchilari yana taklif qilindi. Bu haqda Nobel jamg‘armasi ma’lum qildi.

Aytilishicha, Stokgolmdagi tadbirga Rossiya, Belarus va Eron elchilari bilan bir qatorda o‘ta o‘ngchi Shvetsiya Demokratik partiyasi yetakchisi Jimmi Akesson ham taklif etilgan. Bildirilishicha, jamg‘arma hatto Nobel mukofoti qadriyatlariga ega bo‘lmaganlarni ham tadbirga jalb qilishga harakat qilmoqda. 

O‘z navbatida, Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson Fondning 2023 yilda Nobel mukofotini topshirish marosimiga Rossiya, Belarus va Eronni taklif etish qaroridan hayratda ekanini bildirgan.

“Albatta, kimni taklif qilishni Nobel jamg‘armasi hal qiladi, lekin men ham ko‘pchilik kabi Rossiyani taklif qilganidan hayratda qoldim. Men bu taklif Shvetsiyada ham, Ukrainada ham ko‘pchilikni xafa qilganini tushunaman”, degan Shvetsiya Bosh vaziri.

O‘z navbatida, Yevroparlament deputati Karin Karlsbro jamg‘armani “xavfli pretsedent” yaratishda ayblagan.

“Nobel jamg‘armasi Ukraina madaniyat markazlariga raketalar tashlab, bolalarni o‘ldirgan Rossiyani jozibali ziyofatga taklif qilish uchun yashil chiroq yoqdi”, deydi Karlsbro.

Nobel jamg‘armasining qarori Ukraina Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham qoralangan.

“Rossiya elchisi Stokgolm konsert zalida yaxshi libosda o‘tirgan kuni Rossiya armiyasi bosib olingan Ukraina hududlarida yana bir harbiy jinoyat sodir etadi va Rossiya raketalari Ukraina shaharlaridagi yana bir turar-joy hududini vayron qiladi”, deb yozgan vazirlik matbuot kotibi Oleg Nikolenko Facebook'dagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, har yili oltita Nobel mukofotidan beshtasi Stokgolmda, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti esa Osloda o‘z egalariga topshiriladi. O‘tgan yili Nobel jamg‘armasi Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi tufayli Rossiya va Belarus elchilarini marosimga taklif etmagan. O‘shanda Eron ham taklif qilinmagan edi. Tehron uzoq vaqtdan beri inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tufayli tanqidlarga uchrab keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Shvetsiya Belarus' Nobel' mukofoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing