“Nizolar tinchlikka jiddiy tahdid solmoqda”. Mirziyoyev Ukraina, Yaqin Sharq va Afg‘oniston haqida gapirdi
Jamiyat
−
07 aprel
3875So‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib bormoqda. Bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 aprel kuni Toshkent shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yalpi majlisida so‘z ochdi.
Prezident jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganini qayd etdi va O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi.
“Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o‘zining ijobiy natijasini albatta beradi”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, u eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblashini bildirdi.
“Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir”, dedi Prezident.
Mirziyoyev O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida ham to‘xtalib, ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblashini qo‘shimcha qildi. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonch bildirdi.
“Umuman olganda, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etadi. Biz bu borada Bosh kotib Antoniu Guterrishning mazkur xalqaro tashkilotni chuqur isloh qilish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shu bilan birga, Yevrosiyo guruhining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bayonotini to‘la olqishlaymiz”, dedi Prezident.
Ma’lumot uchun, anjumanda 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod delegatlar qatnashmoqda. O‘z safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tmoqda.
LiveBarchasi