Nazarboyev Xitoydagi anjumanda nima qilyapti? U Prezident ham, Bosh vazir ham emas

Olam

image

Xabaringiz bor, Xitoy poytaxti Pekin shahrida ikkinchi “Bir makon, bir yo‘l” forumi bo‘lib o‘tyapti. Anjumanda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston Prezidentlari ishtirok etyapti. Qozog‘istondan esa Prezident Toqayev emas, Elboshi Nursulton Nazarboyev borgan.

Xo‘sh, nega davlat va Hukumat rahbarlari ishtirok etayotgan oliy darajadagi anjumanda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev emas, mamlakatning birinchi Prezidenti, Elboshi – Nursulton Nazarboyev qatnashyapti?

Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Nursulton Nazarboyev eski qadrdoni, XXR raisi Si Szinpinning taklifi bilan faxriy mehmon sifatida ushbu anjumanda ishtirok etmoqda.

Qayd etish kerakki, Nazarboyev forum ochilishida nutq ham so‘zladi. U o‘z nutqida dunyo gravitatsiya markazi yana sharqqa qaytayotganini qayd etib o‘tdi.

“Bir makon, bir yo‘l” forumida 20 nafar Prezident, 12 nafar Bosh vazir, shuningdek, BMT va  Xalqaro valyuta jamg‘armasi Bosh kotiblari, Bruney sultoni, Dubay amiri va Avstriya kansleri ishtirok etyapti.

Ma’lumot o‘rnida, Nursulton Nazarboyev 1989 yildan boshlab Qozog‘iston bashqaruvida bo‘lib, 2019 yilning 19 martiga qadar Prezident lavozimida faoliyat yuritdi va o‘z istagiga ko‘ra, iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini ayni vaqtda Qosim-Jomart Toqayev egallab turibdi. Darvoqe, u ham bu lavozimda uzoq o‘tirmaydi. Joriy yilning 9 iyun kuni Qozog‘istonda prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham “Bir makon, bir yo‘l” forumida ishtirok etyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Xitoy

Baholaganlar

457

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing