Nipah virusidan o‘lim holati qayd etildi
Olam
−
14:50 3234 1 daqiqa
Bangladesh shimolida Nipah virusini yuqtirgan ayol vafot etdi. O‘lim holatini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham tasdiqlagan. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bemorda dastlabki alomatlar joriy yilning 21 yanvar kuni paydo bo‘lgan. Kasallik isitma, tutqanoq, bosh og‘rig‘i bilan kechgan, shundan so‘ng kuchli so‘lak ajralishi kuzatilgan. Oradan bir hafta o‘tib ayol vafot etgan. Uning tashxisi o‘limidan keyin tasdiqlangan.
Bemor bilan aloqada bo‘lgan 35 kishi tibbiy kuzatuvga olingan, ularning test natijalari manfiy chiqqan. Yangi kasallanish holatlari aniqlanmagan.
Qayd etish joiz, bungacha JSST Hindistonda paydo bo‘lgan Nipah virusining o‘lim ko‘rsatkichi 40 foizdan 75 foizgacha ekanini ma’lum qilgan edi. Yuqtirib olmaslik uchun mevalarni yaxshilab yuvish va hayvonlar bilan niqob hamda qo‘lqopsiz aloqa qilmaslik tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nipah virusi sababli O‘zbekistonga Hindistondan tirik hayvonlar va qushlarni olib kelish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, mamlakatda Nipah virusi bilan kasallanish holatlari hamda uning hududga kirib kelishi qayd etilmagan. Shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror va to‘liq nazorat ostida.
Live
Barchasi