Niqob va mantiq. Koronavirus iyak orqali yuqishi mumkinmi?

Jamiyat

image

Karantin choralaridan biri sifatida jamoat joyida niqob bilan yurish belgilab qo‘yilganini barcha yaxshi biladi. Niqobsiz yurish nafaqat o‘zi va atrofdagilarning salomatligi uchun zarur, balki yaxshigina jarima to‘lamaslik uchun ham himoya bo‘la oladi. Chunki karantin qoidalarini buzganlik uchun qonun doirasida jarima qo‘llash belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning aksariyati shifo topishni boshlagach, epidemiologik vaziyat yengillashdi. Hududlardagi holatga qarab, ayrim cheklovlar olib tashlandi. Ammo shunda ham karantin qoidalariga amal qilgan holda, ya’ni barcha niqobda bo‘lishi, masofa saqlashi lozim. Biroq ayrim shaxslar havoning issig‘idanmi yoki zerikkanidanmi, niqoblarini xo‘jako‘rsinga, iyaklariga, bo‘yinlariga taqib yurishni odat qildi. Maqsad ayon – kimdir tekshirsa, niqobi bormi bor, ammo mohiyatan aqlsizlik. Chunki niqob taqishdan maqsad, avvalo, virusdan himoya, qolaversa, atrofdagilarning ham salomatligini asrash. “Ishqilib, yo‘lda to‘xtatib, boshni og‘ritmasa bo‘ldi”, deya iyakka taqish emas.

Bugun, 11 may kuni AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda so‘z olgan Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ham ushbu masalaga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

“Bilib qo‘ying, koronavirus organizmga iyagingiz va bo‘yningiz orqali yuqmaydi.

Koronavirus organizmga burun, og‘iz va ko‘z shilliq pardasi orqali kiradi va rivojlanadi. Doka niqob bilan burunning, og‘izning, bir paytning o‘zida ikkalasining yopilmagani koronavirus qo‘zg‘atuvchisining  organizmga kirishiga yo‘l ochib beradi”, dedi Nurmat Otabekov.

Uning ta’kidlashicha, doka niqobni to‘g‘ri taqib yurgan shaxs, niqobni noto‘g‘ri taqib yurgan odamga, albatta, e’tiroz bildirishi shart.

“Negaki, ushbu shaxs nafaqat o‘zining, balki, sizning salomatligingizga ham xavf soladi. Uning esa bunga haqi yo‘q”, deya izoh berdi Nurmat Otabekov.


Maqola muallifi

Teglar

karantin

Baholaganlar

141

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing