Nigeriyada qamoqxonaga hujum qilindi. 1800 dan ortiq mahbus qochib ketgan
Olam
−
06 aprel 2021
3356Nigeriyadagi qamoqxonalarning biriga qurollangan shaxslar hujum qilishi oqibatida 1800 dan ortiq mahbus qochib ketdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, hujumchilar ma’muriy blokni portlatish uchun portlovchi moddalardan foydalangan holda janubi-sharqiy Overri shahridagi qamoqxonaga bostirib kirgan.
Xabarga ko‘ra, qochib ketgan mahbuslardan olti nafari qaytib kelgan. Qamoqxonadagi 35 nafar mahbus qochishdan bosh tortgan. Politsiya hujumni amalga oshirishda Biafraning mahalliy aholisini ayblamoqda.
Nigeriya axloq tuzatish xizmati Imo shtati Overri shahridagi qamoqxonadan 1844 nafar mahbus qochganini tasdiqladi.
“Hujumchilar raketa granatalari, pulemyotlar, portlovchi moddalar va miltiqlar bilan qurollangan edi”, deydi politsiya vakili.
Nigeriya Prezidenti Muhammadu Buxari bu hujumni “anarxistlar“ tomonidan amalga oshirilgan “terrorchilik harakati“, deb atadi.
Ma’lumot uchun, yanvar oyidan beri Nigeriyaning janubi-sharqidagi bir nechta politsiya uchastkalari va transport vositalari hujumga uchradi, shuningdek ko‘p miqdorda o‘q-dorilar o‘g‘irlandi. Hujumlar uchun javobgarlikni hech qanday mahalliy guruh o‘z zimmasiga olmadi.
Iqbol Ergashova
LiveBarchasi