Niderlandiyalik mutaxassis “Paxtakor”ga bosh murabbiy bo‘ldi
Sport
−
15 yanvar 2021
5230Niderlandiyalik mutaxassis Piter Xyuistra “Paxtakor” jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klubning rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Xabar qilinishicha, shu kunga qadar jamoada yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgan niderlandiyalik mutaxassis Piter Xyuistra endi “Paxtakor” bosh murabbiyiga aylangan.
Qayd etilishicha, Piter Xyuistra “Paxtakor”ning sobiq bosh murabbiyi Shota Arveladze bilan murabbiylar shtabida birga faoliyat yuritib kelgan.
Ma’lum o‘rnida, Piter futbolchilik faoliyatida Shotlandiyaning mashhur klublaridan biri “Glazgo Reynjers” sharafini besh mavsum himoya qilib, besh marta chempionlikka erishgan.
Shuningdek, Piter “Groningen”, “Vendam”, “Tvente”, “Sanfrechche Xirosima”, “Lers” va “Rozendal” kabi klublarda o‘ynagan. Niderlandiya, Shotlandiya, Yaponiya va Belgiya chempionatlarida jami 413 bellashuvda 78 gol urgan. Niderlandiya terma jamoasi tarkibida 1988–1991 yillarda 8 o‘yinda maydonga tushgan.
Xyuistra murabbiylik ishini 2001 yil “Groningen” yoshlar jamoasida bosh murabbiy sifatida boshlagan. To‘rt yillik faoliyatidan so‘ng, “Vitess” va “Ayaks” klublarida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan. Keyin “Ayaks” yoshlar jamoasi, “Groningen”, “De Graafsxap” klublari va Indoneziya terma jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib borgan.
U 2017 yil iyun oyidan boshlab “Paxtakor”da yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgandi. Endilikda, u – bosh murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor”ning sobiq bosh murabbiyi Shota Arveladze o‘tgan yilning 22 dekabrida klubni tark etgan edi. U klubda uch yil faoliyat yuritib, ikki marta O‘zbekiston chempionati va Kubogida, shuningdek, bir bor Liga Kubogida g‘olib bo‘lgan.
LiveBarchasi