Niderlandiyada razvedka xizmatining sobiq rahbari Bosh vazir bo‘ldi

Olam

image

Shu paytgacha Niderlandiya Adliya va xavfsizlik vazirligi bosh kotibi lavozimini egallab kelgan va bundan avval qirollikdagi AIVD razvedka xizmatini boshqargan Dik Sxof mamlakatning yangi Bosh vaziri bo‘ldi. Bu haqda NOS telekanali xabar berdi.

May oyi o‘rtalarida Niderlandiyada to‘rtta o‘ng qanot partiyasi hukmron koalitsiya tuzishga muvaffaq bo‘lgandi. Endi bu siyosiy kuchlar Sxofga Vazirlar Mahkamasini tuzishni topshirdi.

Kecha, 28 may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Dik Sxof “barcha niderlandiyaliklar uchun Bosh vazir” bo‘lishni niyat qilganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, u odamlarning muammolariga “jiddiy” yondashish va ularni hal qilish yo‘llarini izlash niyatida. Sxof buni aniq qanday qilishni rejalashtirayotganini hali aytmadi.

Ta’kidlanishicha, Sxof endi vazirlar va davlat kotiblarini tanlashi kerak. Shundan so‘ng qirollik parlamenti ko‘rsatilgan nomzodlar yuzasidan tinglovlar o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Yangi Vazirlar Mahkamasi 26 iyungacha ishga kirishishi rejalashtirilgan.

"Hozirda 67 yoshli Sxof Adliya va xavfsizlik vazirligidagi eng yuqori lavozimli amaldor hisoblanadi. Ilgari u AIVD razvedka xizmatini boshqargan, terrorizmga qarshi kurash va xavfsizlik masalalari bo‘yicha milliy koordinator (NCTV) va Immigratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati (IND) direktori bo‘lgan", deb eslaydi NOS.

Siyosatchi Leyboristlar partiyasining a’zosi edi, lekin 2021 yilda uni tark etdi.

2023 yil iyul oyida Niderlandiyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Mark Ryutte Vazirlar Mahkamasi iste’foga chiqishini e’lon qildi, bu esa muddatidan oldin saylovlarga olib keldi. Iste’foga Ryuttening mamlakat migratsiya siyosatini qat’iylashtirish taklifi sabab bo‘ldi, uni hukumat koalitsiyasida ishtirok etayotgan to‘rt partiyadan ikkitasi qo‘llab-quvvatlamadi.

Niderlandiyada 2023 yil 22 noyabrda navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi va 150 o‘rindan 37 tasini olgan o‘ng qanot populistlarining g‘alabasi bilan yakunlandi.

Vildersning koalitsiya tuzishdagi birinchi urinishi PVV muzokarachisining iste’fosi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mart oyida tomonlar yangi Vazirlar Mahkamasi a’zolarining qariyb yarmini siyosat bilan bog‘liq bo‘lmagan, ammo ma’lum bir masala bo‘yicha ekspert bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lishiga kelishib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Niderlandiya Dik Sxof

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing