Niderlandiya Jahon chempionati oldidan yo‘qotishga uchradi
Sport
−
16 may 1462 2 daqiqa
Niderlandiya terma jamoasi va “Manchester Yunayted” himoyachisi Matteys de Ligt belidan operatsiya qilindi va 2026 yilgi Jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi. Bu haqda “talksport” nashri xabar berdi.
26 yoshli futbolchi jarohati sabab 2025 yil noyabr oyining oxiridan buyon maydonga tusha olmayapti.
“Olti oylik davolanish va tiklanish uchun mashaqqatli mehnatdan so‘ng, jarrohlik amaliyoti yagona yo‘l ekanligini tushundim. So‘nggi olti oy davomida jamoamga yordam bera olmaganim va Jahon chempionatini o‘tkazib yuborayotganimdan hafsalam pir bo‘ldi. Biroq, muxlislar qarshisiga yana sog‘lom holda qaytish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishni intiqlik bilan kutyapman”, deb yozdi de Ligt Instagram o‘zining sahifasida kasalxona palatasidan tushirilgan suratni ilova qilgan holda.
2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadi. Unda Niderlandiya terma jamoasi “F” guruhida Yaponiya, Shvetsiya, Tunis terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
De Ligt 2024 yilning yozidan beri “Manchester Yunayted” safida to‘p surmoqda. U “Bavariya”dan 45 million yevro evaziga transfer qilingan edi. Himoyachi “qizil iblislar” safida 56 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiya terma jamoasi Jahon chempionati oldidan joriy yilning 8 iyun kuni O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
Live
Barchasi