Niderlandiya O‘zbekistonni afg‘onistonlik qochqinlarini qabul qilishga ko‘ndirmoqchi
Olam
−
14 Oktabr
11989Niderlandiya hukumati mamlakatda rad etilgan afg‘on qochqinlarini O‘zbekistonga yubormoqchi. Bu haqda “NL Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, yaqinda Germaniya O‘zbekistonni afg‘on qochqinlarini qabul qilishga ko‘ndirgan. Endi Niderlandiya ham shunga harakat qilmoqda.
“Ayni paytda hukumat O‘zbekiston bilan qanday kelishuvlarga erishish mumkinligini o‘rganmoqda”, dedi mamlakat quyi palatasida Qochqinlar masalasi bo‘yicha vazir Marjoleyn Faber.
Qayd etilishicha, vazir bu borada boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan, shuningdek, qachon ko‘proq ma’lumot berishi mumkinligi haqida ham gapirmagan. Faberning so‘zlariga ko‘ra, bular ilk bosqichdagi muzokaralar va shunchaki o‘rganishlar bo‘lib, ushbu jarayonni ochiqlashdan naf yo‘q.
Nashrga ko‘ra, chet elda barcha huquqiy himoya choralaridan, ayniqsa jinoyat bilan bog‘liq himoya choralaridan foydalanib bo‘lgan boshpana izlovchilar o‘z mamlakatlarida ko‘pincha qabul qilinmaydi. Niderlandiya va boshqa Yevropa davlatlari esa yillar davomida ularni qanday qilib vataniga qaytarish yo‘llarini topishga intilib kelmoqda. Bu davlatlar rad etilgan afg‘onlarni qabul qilishga unchalik tayyor emas, chunki ular “Tolibon” hukumatni egallab olganidan beri Afg‘oniston bilan rasmiy aloqaga ega emas.
“Shu sababli Germaniya afg‘on qochqinlarini O‘zbekiston orqali qaytarishni rejalashtirmoqda. Ikki davlat o‘tgan oyda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qabul qilish va rivojlanish yordami kabi boshqa imtiyozlar evaziga buni kelishib oldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya afg‘onistonliklarni deportatsiya qilishga kirishgani xabar qilingan edi. Hukumat rasmiy vakili Shteffen Hebeshtrayt Afg‘onistonga qaytarilgan shaxslar jinoyatchilar ekani va ular Germaniyada qolishga haqli emasligini aytgan.
LiveBarchasi