Niderlandiya Kiyevga F-16 qiruvchi samolyotlarini topshirdi

Olam

image

Niderlandiya Mudofaa vaziri Ruben Brekelmans F-16 qiruvchi samolyotlarining birinchi partiyasi Ukrainaga topshirilganini e’lon qildi. Bu haqda vazir o‘zining X’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

“Ilk bor Niderlandiyaning birinchi F-16 samolyotlari Ukrainaga yetkazilganini e’lon qilaman”, deya yozgan Brekelmans.

Mudofaa vaziriga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlariga zudlik bilan samolyotlar kerak.

“Xarkovda men Rossiya aviazarbalaridan shikastlangan, barbod bo‘lgan joylarni ko‘rdim. Borganimda tez-tez havo hujumidan ogohlantiruvchi signallarni ham eshitdim”, degan u.

Shuningdek, u qolgan 24 ta samolyot yaqin oylarda topshirilishini aytdi. 5 oktyabr kuni Xarkovga borgan Brekelmans bu shaharni himoya qilishning yagona yo‘li Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish ekanligini aytdi.

Kiyevda Brekelmans Niderlandiya Ukraina bilan birgalikda ilg‘or dronlarni yaratishga 400 million yevro sarmoya kiritishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlarning harakat rejasi jang maydonida qo‘llaniladigan texnologiyalarni yaxshilash bo‘yicha Ukraina innovatsiyalari va niderlandiyaliklar texnologiyasi bo‘yicha harakatlarni birlashtiradi.

“Biz har xil turdagi dronlarga e’tibor qaratamiz – ham razvedka, ham mudofaa, shuningdek, hujum, chunki biz Ukrainaga harbiy nishonlarni yo‘q qilish uchun ham ushbu hujumchi uchuvchisiz uchish apparatlarining kerakligini ko‘rib turibmiz”, deydi Mudofaa vaziri.

O‘z navbatida, Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov Niderlandiya delegatsiyasi bilan samarali muzokaralar olib borilganini ma’lum qildi.

“Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qilish uchun Niderlandiya tomonidan ko‘rsatilayotgan har tomonlama yordam uchun chin dildan minnatdorman”, deb yozadi u.

Umarovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar aviatsiya koalitsiyasi doirasida, jumladan, ekipajni tayyorlash va qurol-yarog‘, shuningdek, samolyotlar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanishidan beri Niderlandiya Ukrainaga umumiy qiymati 10 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oldi, shundan 4 milliard yevro sarflangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Kongress tomonidan tasdiqlangan mablag‘dan Ukrainaga 5,5 milliard dollar ajratishga rozi bo‘lgandi. 25 sentyabr kuni esa Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singh Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga Jo Baydenning prezidentlik muddati tugagunga qadar Kongress tomonidan ajratilgan barcha yordamni taqdim etishini ma’lum qildi. Aprel oyi oxirida esa Bayden Kongress tomonidan Ukraina, Isroil va Tayvanga qurol yetkazib berishni qayta tiklash bo‘yicha ma’qullangan qonun loyihalari paketini imzolagan. Ushbu paket hajmi 95 milliard dollarni tashkil etgan va Kiyev uchun 61 milliard dollarni o‘z ichiga oladi. Ushbu qonun loyihalari imzolangandan so‘ng Pentagon Ukrainaga 1 milliard dollarlik qurol-yarog‘ va texnika jo‘natayotganini e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina F-16 Niderlandiya Ruben Brekelmans

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing