Neymar yana Messi va Suares bilan bir jamoada o‘ynashi mumkin
Sport
−
10:27 483 2 daqiqa
Braziliyalik hujumchi Neymar Amerika futbol klubi “Inter Mayami”ga o‘tishni istamoqda. U 2027 yilda jamoaga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda Braziliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Felipe Melo “Gols do Brasileirao” portaliga ma’lum qildi.
Meloning aytishicha, u Neymarning yaqinlari bilan bog‘langan va ular futbolchining yanvar oyida Braziliyaning “Santos” klubini tark etib, “Inter Mayami”ga o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgan. U yerda Neymarning “Barselona”dagi sobiq jamoadoshlari – argentinalik Lionel Messi va urugvaylik Luis Suares ham faoliyat olib bormoqda. Ular 2014-2017 yillarda “Barselona”da birga o‘ynagan va shu vaqt davomida jami 363 ta gol urgan.
Neymar hozir 34 yoshda. U 2025 yil yanvar oyida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubida o‘ynaganidan so‘ng “Santos”ga qaytgan. “Al-Hilol”ga o‘tishidan avval Neymar Fransiyaning PSJ klubi sharafini himoya qilgan. Parij klubi 2017 yilda uning transferi uchun “Barselona”ga rekord darajadagi 222 million yevro to‘lagan.
PSJ safida Neymar besh marta Fransiya chempionati, to‘rt marta Fransiya Superkubogi, uch marta Fransiya Kubogi va ikki marta Fransiya Liga Kubogida g‘olib bo‘lgan.
Neymar faoliyati davomida “Barselona” safida ham to‘p tepgan. U milliy jamoa safida 130 ta uchrashuvda 80 ta gol urgan. Braziliya terma jamoasi bilan Neymar 2016 yilgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan, 2012 yilgi Olimpiada va 2021 yilgi Amerika Kubogida kumush medal olgan, shuningdek, 2013 yilgi Konfederatsiyalar Kubogida g‘olib chiqqan.
Live
Barchasi