Neymar terma jamoaga qaytadimi? Bunga Anchelotti nima deydi?

Sport

image

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Neymarning Jahon chempionati oldidan terma jamoaga qaytish ehtimoli haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Neymar milliy jamoaga qayta chaqirilishi uchun to‘liq jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lishi lozim. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

33 yoshli Neymar so‘nggi ikki yil ichida Braziliya safida maydonga tushgani yo‘q. 2023 yil oktyabr oyida olgan tizza jarohati sabab u uzoq vaqt o‘yinlardan chetda qoldi. Hozirda u Braziliya chempionatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Anchelotti 14 oktyabr kuni Tokioda Yaponiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Neymar haqida shunday dedi:

“Neymar bu jamoada hech qanday muammosiz o‘ynay oladi. U yaxshi jismoniy holatda bo‘lsa, o‘z iste’dodi tufayli nafaqat Braziliyada, balki dunyoning istalgan jamoasida o‘ynashga loyiq”,  deydi italiyalik mutaxassis.

Murabbiy Braziliya terma jamoasining so‘nggi o‘yinlaridan ham mamnunligini bildirdi. O‘tgan hafta Janubiy Koreya ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonilgan uchrashuvda jamoa “chiroyli o‘yin” ko‘rsatganini aytdi.

“Braziliya chiroyli futbol o‘ynashni xohlaydi va bunga qodir. Ammo eng muhimi  g‘alaba qozonishdir”,  deya qo‘shimcha qildi Anchelotti.

Ma’lumot uchun, italiyalik murabbiy boshchiligida Braziliya hozircha uchta g‘alaba, bir durang va bitta mag‘lubiyat qayd etgan. Jamoa himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Braziliya so‘nggi beshta o‘yinda atigi bitta gol o‘tkazib yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Neymarni “Inter Mayami” jamoasi o‘z safiga qo‘shib olib, MSN triosini yana birlashtirilmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Neymar Jahon chempionati Braziliya Karlo Anchelotti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing