“New port” ishi: majmuadagi 6 ta blokda noqonuniy qurilish bo‘layotgani aniqlandi
3-sahifa
−
05 avgust 2206 2 daqiqa
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda “New Port” turar joy majmuasi hududida yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq berilmayotgani hamda uy noqonuniy buzilgani haqida videomurojaat tarqalgandi. Keyinroq, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmasdan turib uy o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangani aniqlangandi. Mazkur holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “Mega logistics service” MCHJga tegishli hududda jami 9 ta blokda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Shundan 3 ta blok bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi hamda tegishli ijobiy ekspertiza xulosalari mavjud.
Ushbu hujjatlar asosida mazkur bloklarda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun Toshkent shahar hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Qolgan 6 ta blokda esa qurilish-montaj ishlari Inspeksiyadan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib borilayotgani nazorat tadbirlari davomida aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan buyurtmachi – “Mega logistics service” MCHJga bir necha marta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Ularda qurilish-montaj ishlarini belgilangan shaharsozlik hujjatlari asosida hamda ob’ektni inspeksiyadan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazgan holda amalga oshirish talab etilgan.
Biroq yozma ko‘rsatmalarda belgilangan talablar bajarilmagani sababli buyurtmachining mas’ul mansabdor shaxslari belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan tegishli taqdimnoma kiritilib, ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, mazkur holatlar bo‘yicha inspeksiya tomonidan to‘plangan hujjatlar tegishli huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Bildirilishicha, mazkur ob’ektda aniqlangan qonunbuzilish holatlari inspeksiya tomonidan e’tiborsiz qoldirilmagan. Aksincha, ular yuzasidan belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, vakolat doirasida tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan hamda qonunbuzilishlarga huquqiy baho berilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, holat yuzasidan “Mega Logistics Servise” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Live
Barchasi