Netanyaxu yana Oq uyda. U Tramp bilan g‘azoliklarni ko‘chirishni gaplashdi
Olam
−
08 iyul 3535 5 daqiqa
Kecha, 7 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qildi va shu paytda AQSH Eron bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirayotganini, shuningdek, G‘azo aholisini boshqa davlatlarga ko‘chirish bo‘yicha tortishuvli tashabbusda ilgarilash bo‘layotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
AQSH va Isroil rasmiylari ishtirokidagi kechki ovqatning boshida Netanyaxu jurnalistlarga AQSH va Isroil boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda falastinliklarga “yaxshiroq kelajak” yaratish ustida ishlayotganini, G‘azo aholisi qo‘shni davlatlarga ko‘chishi mumkinligini aytdi.
“Agar odamlar qolmoqchi bo‘lsa, qolishi mumkin, lekin ketmoqchi bo‘lsa, bunga sharoit bo‘lishi kerak. Biz AQSH bilan yaqindan hamkorlikda, har doim aytiladigan va endilikda amalga oshishi mumkin bo‘lgan g‘oya – falastinliklarga yaxshiroq kelajak berish ustida ishlayapmiz. Menimcha, biz bir nechta mamlakatlarni topishga yaqin turibmiz”, dedi Netanyaxu.
Tramp dastlab falastinliklarni ko‘chirish masalasida Netanyaxuga javob bermaslikka harakat qilgan bo‘lsa-da, keyin “hamma qo‘shni mamlakatlar bilan juda yaxshi hamkorlik bor”ligini aytdi.
“Har bir mamlakat juda yaxshi hamkorlik qilmoqda. Shunday ekan, qandaydir yaxshi narsa ro‘y beradi”, dedi u.
Joriy yil boshida Tramp G‘azoni “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylantirish maqsadida falastinliklarni ko‘chirish taklifini bildirgandi. G‘azoliklar bu g‘oyaga qattiq qarshi chiqib, o‘z uylarini hech qachon tark etmasliklarini aytgan edi. Inson huquqlari tashkilotlari esa bu rejani etnik tozalash deb atagan.
Tramp va Netanyaxuning Vashingtondagi uchrashuvi bir necha soat davom etdi. Shu paytda Isroil rasmiylari AQSH vositachiligida olib borilayotgan G‘azoda o‘q uzishni to‘xtatish va asirlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS bilan bilvosita muzokaralarni davom ettirmoqda. 7 iyul kechasi Netanyaxu Bler uyiga qaytdi, u yerda bugun, 8 iyul kuni ertalab vitse-prezident Jeyms Devid Vens bilan uchrashishi kerak.
Tramp ularning uchrashuvidan oldin, bunday kelishuv ushbu hafta davomida amalga oshishi mumkinligini aytgandi. Vashingtonga jo‘nab ketishidan avval Netanyaxu Tramp bilan uchrashuv Qatarda olib borilayotgan muzokaralarni jadallashtirishga yordam beradi, deb hisoblashini bildirgan.
Bu Trampning 2025 yil yanvarda qayta prezidentlikka qaytganidan beri Netanyaxu bilan uchinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi. U uchrashuvdan ikki hafta avval Isroil havo zarbalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berishga buyruq bergandi. Keyinchalik Tramp Isroil-Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni ham yo‘lga qo‘ydi.
“Biz Eron bilan muzokaralarni rejalashtirganmiz, ular gaplashmoqchi. Ular qattiq zarba yedi”, dedi Tramp.
Uning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Uitkoff bu muzokaralar bir hafta ichida bo‘lishi mumkinligini aytdi. Tramp keyinchalik Eronga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashni xohlashini ham bildirdi:
“Men shuni istardimki, vaqti kelib bu sanksiyalarni olib tashlash mumkin bo‘lsa”, dedi u.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 7 iyul kuni e’lon qilingan intervyuda Eron AQSH bilan muzokaralar orqali kelishmovchiliklarni hal qila oladi, degan ishonchi borligini aytdi.
Tramp va uning yordamchilari Eronning zaiflashuvidan foydalanib, HAMASni qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakat sifatida har ikki tomonni 21 oydan beri davom etayotgan G‘azo urushini to‘xtatishga undashga harakat qilmoqda.
Prezident va Bosh vazir rasmiy muzokaralar o‘rniga Oq uyning “Ko‘k xonasi”da yopiq kechki ovqat o‘tkazdi. U yer Tramp odatda mehmon Prezidentlar va yetakchilarni qabul qiladigan Oval kabinet emas.
Bu paytda Oq uy yonida yuzlab norozi namoyishchilar to‘planib, “Isroilga qurol yetkazishni to‘xtating”, “Genotsidga yo‘q deylik” degan plakatlar ko‘tarishdi. Ular, shuningdek, G‘azoda harbiy jinoyatlarda ayblanayotgan Netanyaxuni Xalqaro jinoiy sud tomonidan qo‘lga olishga chaqirishdi.
7 iyul kuni Netanyaxu Stiv Uitkoff va Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashdi. Bugun, 8 iyul kuni u Kongressdagi yetakchilar bilan uchrashish uchun Kapitoliyga borishni rejalashtirgan.
Uchrashuv paytida Netanyaxu Trampga uni Nobel tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatgan nomani topshirdi. Tramp buni mamnuniyat bilan qabul qildi va unga minnatdorlik bildirdi.
Qatardagi muzokaralar
Qatar poytaxti Doxada G‘azo bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan Isroil delegatsiyasi shartnoma ustida ishlayapti. AQSH tomonidan ilgari surilgan taklif 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish, isroilliklarning bosqichma-bosqich G‘azodan chiqishi va urushni butunlay tugatish bo‘yicha muzokaralarni o‘z ichiga oladi.
HAMAS esa anchadan buyon qolgan asirlar ozod etilishidan avval urushni to‘xtatish kerakligini talab qilib kelmoqda. Isroil esa barcha asirlar ozod etilmas ekan, urushni to‘xtatmasligini ta’kidlamoqda.
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt ushbu hafta muzokaralarga qo‘shilish uchun Stiv Uitkoff Qatarga jo‘nab ketishi aytdi.
Falastin manbalariga ko‘ra, G‘azoga gumanitar yordamning erkin va xavfsiz kiritilishiga Isroilning rozi bo‘lmasligi hali ham asosiy to‘siq bo‘lib turibdi. Isroil esa yordamning HAMAS tomonidan yo‘naltirilishini oldini olishni maqsad qilganini ta’kidlamoqda.
AQSH va Isroilda G‘azo urushiga chek qo‘yish bo‘yicha bir qator siyosiy bosimlar mavjud. Netanyaxuning ayrim qat’iy ittifoqchilari urushni to‘xtatishga qarshi bo‘lsa-da, aholining urushdan charchagani bois hukumat kelishuvga erishish ehtimoli katta.
2025 yil boshidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi mart oyida buzilgandi va uni tiklash bo‘yicha urinishlar samara bermadi. Hozirda Isroil G‘azoda bosqinni kuchaytirgan va oziq-ovqat tarqatishni qattiq cheklagan.
G‘azo aholisi esa muzokaralardan biror samara chiqishini intiqlik bilan kutmoqda. G‘azo shahridan ko‘chirilgan Abu Sulaymon Qodum “Reuters” agentligiga shunday degan:
“Ilohim, muzokarachilar va vositachilar barcha kuchi bilan bosim o‘tkazsin, chunki bu vaziyat tamoman toqatsiz bo‘lib qoldi”.
Isroilning hujumlari oqibatida G‘azoda 57 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, aholining asosiy qismi ko‘chirilgan, yarim millionga yaqin odam oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkin.
Tramp Netanyaxuni qat’iy qo‘llab-quvvatlamoqda, hatto o‘tgan oyda Isroildagi ichki siyosatga aralashib, uning korrupsiya bo‘yicha sud jarayonidagi ayblovlarini tanqid qilgan. Netanyaxu pora olish, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlarini rad etgan.
Live
Barchasi