Netanyaxu o‘zini Gitler, Mussolini va Stalin bilan tenglashtirdi – Erdo‘g‘an 

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va uning jamoasi o‘zlarini Adolf Gitler, Benito Mussolini va Iosif Stalin bilan tenglashtirdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 9 mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Fanni targ‘ib qilish jamg‘armasi Bosh assambleyasining 53-kongressida ma’lum qildi.

Turkiya rahbari 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida genotsidda ayblangan Isroilning hujumlari oqibatida 32 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lganini, 72 mingdan ziyodi yaralanganini eslatdi. Erdo‘g‘an qariyb 2 milliard kishilik musulmon davlatlari Falastin xalqi oldidagi birodarlik burchini to‘g‘ri ma’noda bajarmaganidan afsusda ekanini bildirdi.

"G‘azo sektorida sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan Netanyaxu va uning jamoasi o‘z ismlarini davrimizning natsistlari sifatida Gitler, Mussolini va Stalin nomlariga bog‘ladi", deb ta’kidladi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari Anqaraning Falastin anklaviga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlariga e’tibor qaratdi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri Turkiya G‘azo sektori aholisiga 40 ming tonna gumanitar yordam jo‘natgan bo‘lib, ular jami 19 ta reys va 7 ta fuqarolik kemalari orqali amalga oshirilgan.

“Biz Misr hukumati bilan yaqinda rivojlanayotgan munosabatlardan foydalandik va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazdik”, deya davom etdi Erdo‘g‘an.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bir kun avval G‘azo sektori aholisi uchun Turk Qizil Yarim Oy jamiyati orqali jo‘natilgan 3 ming tonna gumanitar yordam yuklangan kema Misrning El-Arish portiga yaqinlashmoqda. 

Erdo‘g‘an Falastin fraksiyalari Turkiyaning Falastin xalqi kurashini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarining asosiy guvohi ekanini ta’kidladi. Turkiya rahbari Falastin masalasida 15 yil avval egallab turgan qat’iy pozitsiyasini bugun ham saqlab kelayotganini ta’kidladi.

"Falastin da’vosini eng yuqori darajada, davlat va xalq darajasida qo‘llab-quvvatlovchi davlat, shubhasiz, Turkiyadir", deb ta’kidladi Prezident.

Turkiya yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, Turkiya HAMAS harakatini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi va uning yetakchilari bilan har qanday mavzuda xotirjamlik bilan muzokaralar olib boradi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing