Netanyaxu o‘limi haqidagi mish-mishlar fonida ko‘rinish berdi (video)

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘zining o‘limi haqidagi mish-mishlar fonida yangi video e’lon qildi. U videoda mamlakatdagi kafelardan birida qahva buyurtma qilayotgani va dolzarb savollarga javob berayotgani ko‘rinadi. Video ijtimoiy tarmoqlardagi Bosh vazir sahifalarida joylashtirildi.

Avvalroq, Isroilga Eron tomonidan uyushtirilgan hujumlar fonida internetda Netanyaxu tirikmi yoki yo‘qmi degan savollar keng muhokama qilina boshlagan edi. Ko‘pchilik Bosh vazir bir muddat omma oldida ko‘rinmay qolgani sababli uning yaralangani yoki hatto halok bo‘lgani haqida taxminlar bildirdi. 13 mart kuni Netanyaxu Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiya boshlanganidan beri ilk bor matbuot anjumani o‘tkazgach, ijtimoiy tarmoqlarda bu video sun’iy intellekt yordamida yaratilgan bo‘lishi mumkin degan da’volar ham paydo bo‘ldi.

Mish-mishlarga javob sifatida e’lon qilingan videosida Netanyaxu kassadan buyurtma qilgan qahvasini olayotgani tasvirlangan. Shu payt kadr ortidan bir kishi undan internetda tarqalgan o‘limi haqidagi gap-so‘zlarga izoh berishni so‘raydi. Netanyaxu esa ibroniy tilidagi “o‘lik” so‘zini kinoya bilan ishlatib javob beradi.

“Men qahvani o‘lgudek yaxshi ko‘raman. Men xalqimizni ham o‘lgudek yaxshi ko‘raman. Odamlarimizning xatti-harakati ajoyib”, degan Netanyaxu hazil aralash.

Shundan so‘ng u kulimsirab qo‘llarini kameraga tutib, barmoqlarini sanab ko‘rishni taklif qilgan. Bosh vazir shuningdek kafe xodimlari bilan suhbatlashib, urush davrida isroilliklarning ruhiyati va birdamligini yuqori baholagan.

“Biz hozir ayrim tafsilotlarini oshkor qila olmaydigan ishlarni qilayapmiz. Ammo biz Eronga ham, Livanga ham kuchli zarbalar bermoqdamiz”, degan Netanyaxu.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing